21:55 / 07.10.2015
3879

Samvel Babayan: Ertaga o‘zimizning eng yaxshi futbolni ko‘rsatishga harakat qilamiz

Bahrayn hamda O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv oldidan tashkil qilingan matbuot-anjumanida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan hamda terma jamoa hujumchisi Marat Bikmayev ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda terma jamoaning matbuot xizmati bosh kotibi Sanjar Rizayev o‘z blogida ma'lum qilgan.

Dastlab Babayan jurnalistlarning savollariga javob qaytargan.

"Barcha jurnalistlar va hamkasblarimizga xayrli oqshom tilayman. Men Bahraynga birinchi marta kelganim yo‘q. Yana bir marta shu yerga kelganimdan xursandman. Bu yerga klubda faoliyat olib borgan paytlarimda ham kelgandim. Manama shahri yildan yilga chiroy ochib ormoqda", deydi u kirish so‘zlari o‘rnida.

"Ertangi o‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, ertaga bizni oson bo‘lmagan va kuchli murabbiyi bor bo‘lgan raqib kutmoqda. Bir qator ajoyib futbolchilarga ega bo‘lgan mazkur jamoaga qarshi maydonga chiqamiz. Biz uchun har bir o‘yin maksimal darajadagi e'tiborni talab qiladi. Bu mening uchinchi rasmiy o‘yinim. Ertaga o‘zimizning eng yaxshi futbolimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz", deydi Babayan O‘zbekiston termasining ertangi o‘yindagi imkoniyatlari bo‘yicha berilgan savolag javoban.

Agar ikki jamoaning o‘zaro o‘yinlariga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, O‘zbekiston rasmiy o‘yinlarda deyarli zafar quchmagan. Nima deb o‘ylaysiz, ertaga tarix o‘zgarishi mumkinmi?

"Futbol ajoyib sport turi hisoblanadi. O‘ylashimcha, har bir narsaning oxiri bor. Umid qilamanki, ertaga o‘zaro o‘yinlardagi omadsiz natijalarimizga barham beriladi", deya javob qaytargan murabbiy O‘zbekiston terma jamoasining Bahrayn terma jamoasiga qarshi rasmiy o‘yinlarda ko‘pincha mag‘lub bo‘lib kelgani eslatilgan savolga javob berish asnosida.

Shuningdek, terma jamoa hujumchisi Marat Bikmayev terma jamoa ertangi o‘yinga tayyorligi, futbolchilarda hamisha jangovar ruh hukmron bo‘lgani, terma jamoa a'zolarining jismoniy holati ham joyida ekanligi haqida gapirgan.

"Oldimizda jiddiy o‘yin turibdi va vazifa g‘alaba qozonidan iborat. Jamoadoshlarim 100 foiz kuch bilan harakat qilishadi", deya ishonch bildirgan u.

Top