22:04 / 07.10.2015
8989

Turkmaniston prezidenti Toshkentga rasmiy tashrif bilan keldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2015 yil 7 oktabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. 

UzA xabariga ko‘ra, Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev kutib oldi

Qisqa suhbatdan so‘ng Turkmaniston delegatsiyasi Ko‘ksaroy majmuida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi. 

Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasidagi asosiy tadbirlar 8 oktabrga mo‘ljallangan. 

Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida O‘zbekiston va Turkmanistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport va kommunikatsiyalar, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan. 

Tashrif yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini qabul qilish, iqtisodiyot, transport, bojxona, turizm, fan-texnika, sog‘liqni saqlash va sport sohalaridagi o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolanishi mo‘ljallangan. 

Top