15:02 / 07.10.2015
7830

Xitoydagi shisha ko‘prik sayyohlardan birining aybi bilan darz ketgani aytilmoqda

Yaqindagina Xitoyning Xenan provinsiyasidagi Yungtayshan tog‘ tizmasida ochilgan shisha ko‘prik sayyohlardan birining qo‘lidagi haroratni barqaror ushlab turuvchi idish (termos) qo‘lidan tushib ketishi natijasida darz ketgan. Natijada vahimaga tushgan sayyohlarni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan, deb yozadi Xitoy matbuoti.

«Xitoydagi U-obrazdagi shisha ko‘prik turistlardan birining qo‘lidagi metall termos tushib ketishi natijasida yorilgan», - deya xabar beradi CCTV telekanali.

«Yungtayshandagi ko‘prik yorilgan. Men u yerdan chiqqan juda baland ovozlarni eshitdim va silkinishni his qildim. Keyin oyoqlarim ostiga qarasam, u yerda yoriqlarni ko‘rdim. Hamma baqirgancha qochishni boshladi», - deb yozadi Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri.

Rasmiy vakillar ham ko‘prikning ba'zi qismlarida darz ketish holati qayd qilinganini tasdiqlashdi. Biroq ularning so‘zlariga qaraganda «Bu sayyohlarning hayotiga hech qanday xavf solmaydi».

Xabar qilinishicha, yorilish uchtacha shisha qismda yuz bergan. Hozirda ko‘prik yopib qo‘yilgan va qayta ta'mirlangach yana foydalanishga topshirilishi mumkin.

«Havo izi» nomli mazkur inshoot 1080 metr balandlikda qurilgan bo‘lib, uzunligi 68 metrni tashkil qiladi. Mazkur ko‘prik 20 sentabr kuni ochilgandi. Muhandislarning so‘zlariga ko‘prik har bir kvadrat metrida 800 kilogrammgacha yuk ko‘tara olishi quvvatiga ega.

Top