20:52 / 08.10.2015
6490

Kiyev texnik defolt e'lon qildi

Kiyev shahar kengashi deputatlari tashqi qarzlarni to‘lashga moratoriy kiritishga ovoz berishdi. Bu haqda Ukrainaning "Korrespondent.net" nashri ma'lum qildi.

Shahar parlamenti qaroriga ko‘ra, qarzni uzish muddati 6 noyabrda tugaydi. Kiyev 18 mlrd grivna (840 mln dollardan ko‘proq) qarzni to‘lashi kerak. Kiyev shahar kengashi byudjyet komissiyasi boshlig‘i Andrey Strannikov Kiyev kreditorlar bilan qarzni restrukturizatsiya qilish bo‘yicha kelisha olmaganini aytdi.

Strannikovning aytishicha, Kiyev ayni paytda isitish mavsumiga tayyorlanmoqda va pullar birinchi navbatda shahar aholisini issiqlik bilan ta'minlash, pod'yezdlarni ta'mirlash va boshqa kommunal maqsadlarga yo‘naltiriladi.

Kiyev meri Vitaliy Klichko shahar tashqi qarz bo‘yicha to‘lovni to‘xtatishini tasdiqladi. Uning aytishicha, hozirgi hokimiyat avvalgi hokimiyatdan katta qarzni meros qilib olgan. Klichkoning aytishicha, bu "meros"ning miqdori 12,5 mlrd grivna yoki 585 mln dollarni tashkil qiladi.

25 sentabrda Standard & Poor's xalqaro reyting agentligi Ukrainaning reytingini SD darajasigacha tushirdi. Bu tanlanma defoltni anglatadi.

 

Top