10:48 / 08.10.2015
11421

O‘zbekiston 2016 yilda belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilishi mumkin

O‘zbekistonda keyingi yilda belboli kurash bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda mahalliy OAVlarda yozilmoqda.

Belbog‘li kurash sportini rivojlantirish maqsadida Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida maxsus maktab tashkil etilgan.

"Belbog‘li kurash tarixi 5 ming yil oldinga borib taqaladi. Bu sport o‘zida milliy an'ana va belgilarni jamlagan. Yurtimizda hech bir bayram kurash bellashuvlarisiz o‘tmaydi", deydi O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi rahbari R. X. Dastirov.

Ayni vaqtda bu sport turiga davlat darajasida ahamiyat berilmoqda.

Kurash bo‘yicha bolalar va o‘smirlar maktablari faoliyatiga jiddiy e'tibor qaratilib, umumta'lim maktablari, kollejlar va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida maxsus bo‘limlar tashkil etilmoqda.

Qayd etish kerakki, xorijda belbog‘li kurash sporti haqida 1992 yilda bilishgan. O‘sha yili Kanadada dzyudo bo‘yicha jahon birinchiligi o‘tkazilgan va unda o‘zbekistonlik kurashchilar ishtirok etishgandi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston vakillari Yaponiya, Hindiston, Buyuk Britaniya va Monakodagi xalqaro turnirlarda qatnashdi.

1998 yilda esa Xalqaro kurash federatsiyasi tuzildi va ushbu federatsiyaga 30ga yaqin davlatlarning federatsiyalari a'zo bo‘lishdi.

1999 yilda esa Toshkentda kurash bo‘yicha ilk jahon chempionati o‘tkazildi va bu musobaqada dunyoning 50ga yaqin davlatlaridan (Avstraliya, AQSh, Kanada, Boliviya, Chili, Paragvay, Germaniya, Ispaniya, MDH mamlakatlari, Boltiqbo‘yi) kelgan polvonlar o‘zaro bellashishdi.

Shu yilning iyulida Rossiyaning Yoshkar-Ola shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan o‘zbekistonlik polvonlar bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritishdi. O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi asosan Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchilari hisoblanishadi (Sh.Xayruddinov, B. Gegaliyev, D. Niyozboyev).

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda kurash sporti yozgi Osiyo o‘yinlari rasmiy dasturiga kiritilgandi.

Top