07:32 / 08.10.2015
10525

Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston tashqi ishlar vazirini Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasidan ko‘zlangan maqsadlardan xabardor etdi

Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Anatoliy Antonov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuvi davomida Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyalaridan ko‘zlangan maqsad nimadan iboratligi haqida tushuntirish berdi. Bu haqda 7 oktabrda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi.

"2015 yilning 7 oktabrida Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Anatoliy Antonovning O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Anatoliy Antonov Abdulaziz Komilovga Rossiya Qurolli kuchlarining Suriyada o‘tkazayotgan harbiy operatsiyasining maqsadi va xarakteri haqida tushuntirish berib o‘tdi", deyilmoqda xabarda.

Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlar mintaqaviy va global xavfsizlik, muammo va xavflarni bartaraf etishda sa'y-harakatlarni birlashtirish masalalarini muhokama qilishdi. Matbuot xizmatida qayd etilishicha, Antonov O‘zbekiston bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlik mintaqada barqarorlikni saqlashda muhim omil ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

"Antonov harbiy sohadagi birgalikdagi harakatlar Markaziy Osiyoda xavfsizlik, tinchlik va xotirjamlikni ta'minlashga maqbul zamin yaratishini ta'kidlab o‘tdi", deb qo‘shimcha qildi Rossiya Mudofaa vazirligi.

Top