18:46 / 09.10.2015
4258

O‘zbekistonda “Haj-2015” mavsumi yakuniga yetdi

2015 yil  8 oktabr kuni O‘zbekiston hojilarining oxirgi guruhlari ham vatanga qaytib kelishdi. 

“Haj – 2015” mavsumi O‘zbekiston hojilari uchun juda ham muvaffaqiyatli va samarali o‘tdi. Hojilarga yaxshi sharoitlar yaratib berildi. Ishchi guruh a'zolari mehmonxona, oshxona, qadimiy tarixiy joylarni ziyorat qilish, avtobuslarda Haramga borishda, Mino vodiysida tartibni saqlashda jonbozlik ko‘rsatdilar.
Guruh rahbarlari hoji otaxon va onaxonlarni haj amallarini bajarishda yaqindan yordam berib, xolis xizmatlari bilan hojilarni xursand qildilar”, deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi sayti xabarida.

Haj-2015” mavsumini namunali tashkil etish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 26 avgust kunidagi PF-3793-son Farmoni asosida tuzilgan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq jami 5200 nafar fuqarolarimiz Haj ziyoratini amalga oshirish maqsadida Saudiya Arabistoni Podshohligiga borib qaytdilar.

Joriy yilda ham, o‘tgan yillardagi tajribadan kelib chiqqan holda ishchi guruhi, tibbiyot xodimlari guruhi hamda oshpazlar guruhi tuzilib, ularning birinchi daf'asi, o‘zbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish va joylashtirish ishlarini ta'minlash, tayyorgarlik ishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida 28 avgust kuni Saudiya Arabistoniga safarbar etildi.

3-14 sentabr kunlari o‘zbekistonlik 5200 nafar ziyoratchini “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Termiz, Urganch hamda Qarshi shahar aeroportlaridan haj safariga jo‘natildi va 27 sentabr - 8 oktabr kunlari barcha hojilarimiz mamlakatimizda kutib olindi.

Kuzatish va kutib olish tadbirlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda vazirlik, boshqa davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida amalga oshirildi.

Ziyoratchilarga safardan oldin Davlat ramzi tushirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, “Hajnoma” kitobchasi va videotasmalar taqdim etildi.

Barcha ziyoratchilar markazlashgan tartibda tibbiy punktlarda minengit va grippga qarshi zardob bilan emlandi. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo‘lishini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borildi. O‘zbekistonlik hojilar Madina shahrida 3 kecha - 4 kunduz bo‘lib, bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgandan so‘ng, Makka shahriga yo‘l oldilar.

Haj mavsumi davrida o‘zbekistonlik ziyoratchilarni Haj vazirligi mutasaddi vakillari va o‘zbekiston ishchi guruhi hamkorligida muqaddas joylar; Mino, Arofat, Muzdalifa va Jamarotga ko‘chirish tadbirlari yuqori saviyada, uyushgan hamda qisqa muddatlarda tashkil etildi. O‘zbekiston hojilariga ajratilgan maxsus joylarda ziyoratchilarimiz ibodatlarini erkin amalga oshirishlari uchun ishchi, shifokor va oshpazlar guruhi tomonidan barcha (oziq-ovqat, issiq choy, yaxna sharbatlar va tibbiy markaz faoliyati) qulayliklar yaratib berildi.

Jahondagi epidemiologik vaziyat hamda Saudiya Arabistoni Haj va Sog‘liqni saqlash vazirliklari tavsiyalaridan kelib chiqib, o‘zbekistonlik hojilar joylashgan mehmonxona shifokorlar guruhi tarkibidagi malakali epidemiologlar tomonidan tez-tez dezinfeksiya qilinib turildi.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan “Javharat ul-Asima”, Makka shahrida esa Haramdan 4000-4500 metr uzoqlikdagi to‘rt burjli “Abroj Muhammadiya” mehmonxonalarida istiqomat qildilar.

Ziyoratchilarimizning 3 mahal ovqatlanishlari uchun qulayliklar yaratish maqsadida Makka shahridagi mehmonxonada 1700 kishiga mo‘ljallangan oshxona tashkil etildi. Ziyoratchilar uchun mehmonxonada 30 kishilik minishifoxona faoliyat ko‘rsatdi.

Saudiyadagi mehmonxonalarda sun'iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish, Vatanimizda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lish imkoniyatlari yaratildi.

Top