15:20 / 09.10.2015
3432

O‘zbekistonlik shaxmatchilar shaxmatning rapida yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lishdi

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida shaxmat bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda. Osiyo qit'asining 8 davlati vakillari ishtirok etayotgan ushbu nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik shaxmatchilar ham ishtirok etmoqda.

8 oktabr kuni shaxmatning rapida yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda Gulruhbegim Tohirjonova (2115, Farg‘ona) va Nodirbek Yoqubboyev (2108, Xorazm) Osiyo chempionatining oltin medallarini qo‘lga kiritishdi.

Ushbu ikki sportchi bir necha kun oldin blits shaxmat bo‘yicha ham chempionlarga aylanishgandi.

Xabar qilinishicha, ushbu turnir shveysarcha tizimda 7 tur davom ettirildi.

Bu galgi «Asian Juniors U20 Championship Rapid 2015″ turnirida 8 mamlakatdan 18 ishtirokchi qatnashdi. Nodirbek Yoqubboyev 4ta g‘alaba va 3ta durang qayd etib, 5,5 ochko to‘plagan holda birinchi bo‘lgan. 2 va 3-o‘rinlar Reddi Chakravarti (Hindiston, 2120) va Mosadegpur Masud (Eron, 2296) tomonidan band etilgan. Ular 5 ochkodan jamg‘arishgan.

«Asian Girls U20 Championship Rapid 2015″ turnirida esa 8 mamlakatdan 16 nafar shaxmatchi qiz qatnashgan. Gulruhbegim Tohirjonova 5ta g‘alaba va 2ta durang qayd qilib, 6 ochko bilan birinchi o‘rinni egallagan. Ikkinchi o‘rindagi Parnali Dxaria (hindiston, 1866) undan bir ochko kam jamg‘argan. Uchinchi o‘rinni Qirg‘iziston vakili Olimboy Kizi Oyjon (1840, 4,5 ochko) egallagan.

9 oktabr kuni standart shaxmat bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.

Qayd etish kerakki, turnirning bosh hakami samarqandlik Abduvahob Vohidov (FIDe hakami) hisoblanadi.

Top