09:11 / 09.10.2015
3556

O‘zbekistonlik yosh suzuvchilar Bangkokdagi OChdan 24ta medal olib qaytishdi

Tailand poytaxti Bangkok shahrida suv sporti turlari bo‘yicha o‘smir-yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazildi. Sakkizinchi bor tashkil etilgan mazkur qit'a chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan mamlakatimiz sportchilari jami 9 ta kumush va 15 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldilar.

Jumladan, suzish musobaqalarida Aleksey Tarasenko, Artyom Kozlyuk, Nurullo G‘ulomqodirov va Muzaffar Tursunxo‘jayevlardan iborat sportchilarimiz 4x100 m. masofaga o‘tkazilgan erkin usulda suzish bahslarida kumush, 4x200 m. masofaga erkin usulda bo‘lib o‘tgan musobaqada esa bronza medaliga sazovor bo‘ldilar. Yana uchta bronza medaliga Aleksey Tarasenko 50 m., 100 m., va 200 m. masofaga erkin usulda suzish bahslarida sazovor bo‘ldi.

Sinxron suzish musobaqalarida ishtirok etgan hamyurtlarimiz Gulsanam Yuldasheva soloda kumush, duetda esa Xurshida Xakimova bilan bronza medali sohibasi bo‘ldi. Ushbu musobaqada, shuningdek, Xonzodaxon Toshxo‘jayeva va Anna Yeltisheva soloda bronza medaliga sazovor bo‘ldilar. Anna Yeltisheva Olga Morozova bilan birga duetda ham bronza medali bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, jamoaviy bahslarda ishtirok etgan Olga Morozova, Anna Yeltisheva, Alina Saliyeva, Mohiraxon To‘lqinova, Xonzodaxon Toshxo‘jayeva, Sofiya Garusova, Nafisa Shomirzayeva va Diana Onkisdan iborat terma jamoamiz kumush medalni qo‘lga kiritdilar.

Va nihoyat, suvga sakrash bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda Olga Morozova 1m., Pavel Azyamov esa 3 m.lik tramplinda kumush, Doston Botirov 1 m. va 3 m.lik tramplinda bronza, shuningdek, Olga Morozova 5 va 7,5 m.lik tramplinda, Botir Xasanov esa 10 metrlik tramplinda bronza medali bilan taqdirlandilar. Hamyurtlarimizning Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari O‘zbekistonda suv sporti turlari qay darajada rivojlanib, yangidan-yangi iqtidorlar kamolga yetayotganligidan darak beradi.

Top