10:07 / 09.10.2015
11081

Rossiya Mudofaa vazirligi Pentagon rahbarining Rossiya harbiy yo‘qotishlarga uchrashi haqidagi gapini "orsizlik" deb atadi

Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov Pentagon rahbari Eshton Karterning Rossiya yaqin kunlarda Suriyada harbiy yo‘qotishlarga uchrashi mumkin, degan gapiga izoh berib o‘tdi.

"AQSh harbiylarining butun dunyo bo‘ylab turli operatsiyalardagi harakatlariga baho berishda Rossiya Mudofaa vazirligi amerikalik askarlarning halok bo‘lishini kutish kabi tubanlikka bormagan. Oddiy amerikaliklar haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Pentagon rahbari Eshton Karterning bugungi gapi AQSh hukumati ba'zi vakillarining siyosiy madaniyati darajasini yaqqol ko‘rsatadi.

Aniqrog‘i – ularning qolgan dunyoga nisbatan orsizligi, surbetligi darajasini ko‘rsatadi. Ishonamanki, birorta ham amerikalik general hech qachon o‘ziga bunday gap aytishga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi", deb aytilmoqda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot-bayonotida.

Avvalroq Eshton Karter Rossiya yaqin kunlarda Suriyada jiddiy yo‘qotishlarga uchrashi mumkinligini aytgan edi. U, shuningdek, rossiyalik harbiylarni noprofessionallikda aybladi – AQSh tomoni ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari otgan raketalar AQSh uchuvchisiz parvoz qurilmasi yonidan bir necha mil uzoqlikda uchib o‘tgan.

Rossiya Bosh shtabida Rossiyaning IShID pozitsiyalariga otgan "Kalibr" qanotli raketalari yo‘nalishi kimsasiz hududdan o‘tgani ta'kidlab o‘tildi.

Top