10:01 / 10.10.2015
4949

Boks bo‘yicha JChda O‘zbekiston terma jamoasining 7 nafar a'zosi yarim finalga chiqish uchun bahslarda ishtirok etadi

Qatar poytaxti Doha shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining to‘rtinchi kungi bahslaridan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasining yana uch nafar vakili chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 9 oktabr kuni terma jamoa a'zolaridan 4 nafari o‘z janglarida ringga ko‘tarilishdi.

Musobaqaning uchinchi kunidan keyin terma jamoaning 4 nafar vakili chorak finalga chiqqandi.

Terma jamoaning eng tajribali bokschisi 81 kg vazn toifasidagi Elshod Rasulov o‘zining ikkinchi jangini turkiyalik Sem Karlidagga qarshi o‘tkazdi va raqibini 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Bugun Rasulov ushbu vazn toifasining birinchi raqamli bokschisi qozog‘istonlik Adilbek Niyazimbetovga qarshi ringga chiqadi.

60 kg vaznda ishtirok etuvchi Elnur Abduraimov ham ikkinchi jangida zafar quchdi. U Yangi Zelandiya vakili Chad Milnesdan 3:0 hisobida ustun keldi. Abduraimovning chorak finaldagi raqibi mo‘g‘ulistonlik bokschi Otgondalay Dorjnyambuu bo‘ladi.

Eng og‘ir +91 kg vazn toifasidagi Bahodir Jalolov esa o‘z vaznida uchinchi raqam ostida tasniflangan kubalik Lener Peroga qarshi jang o‘tkazdi va raqibini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bugun Bahodir Jalolov iordaniyalik bokschi Hussayn Ishaish bilan jang o‘tkazadi.

9 oktabr kungi bahslarda 52 kg vazndagi Shahobiddin Zoirov xitoylik Jian Gan Xuga qarshi ringga ko‘tarilib, raqibiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Shu tariqa, O‘zbekistonlik yetti nafar bokschi chorak finalda jahon chempionati medallari uchun kurashni davom ettiradi.
Qayd etish kerakki, chorak final bosqichida Kuba terma jamoasi eng ko‘p sportchiga ega bo‘lib turibdi. To‘liq tarkib (10) bilan JChga kelgan kubaliklarning 9 nafari chorak finalgacha yetib keldi.

O‘zbekiston va Ozarboyjon termalarining 7 nafardan bokschilari chorak finalda ishtirok etishadi. Bu mamlakatlar 9 nafar sportchi bilan ishtirokni boshlashgandi. Turnirga 8 bokschi bilan tashrif buyurgan Qozog‘istonning 6 sportchisi yarim final yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi. Rossiya va Buyuk Britaniyaning 4 nafardan bokschisi chorak finalgacha yetib kelgan.

Quyida O‘zbekiston terma jamoasi a'zolarining chorak finaldagi raqiblari haqida bilish mumkin:

10 oktabr, shanba

56 kg. Murodjon Ahmadaliyev (O‘zbekiston) – Chatchay Butdi (Tailand)

60 kg. Elnur Abduraimov (O‘zbekiston) – Otgondalay Dorjnyambuu (Mo‘g‘uliston)

64 kg. Fazliddin G‘oibnazarov (O‘zbekiston) – Vinchentso Mangiakapre (Italiya)

75 kg. Bektemir Meliqo‘ziyev (O‘zbekiston) – Pyotr Xamukov (Rossiya)

81 kg. Elshod Rasulov (O‘zbekiston) – Adilbek Nizimbetov (Qozog‘iston)

91 kg. Rustam To‘laganov (O‘zbekiston) – Erislandi Savon (Kuba)

+91 kg. Bahodir Jalolov (O‘zbekiston) – Hussayn Ishaish (Iordaniya)

Top