14:29 / 10.10.2015
5462

YeI raketa sohasida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatdi

Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaga raketa yonilg‘isi tarkibiy qismlari yetkazib berish kengaytirildi. Yevropa mamlakatlari kosmik dasturida foydalaniladigan raketalarga yonilg‘i quyishda zarur bo‘lgan gidrazin, geptil va monometilgidrazinni cheklangan miqdorda yetkazishga ruxsat berildi.

YeI Kengashining rasmiy jurnalida e'lon qilingan qarorida keltirilishicha, joriy etilgan cheklov choralari Yevroittifoq yoki unga a'zo davlatlarning koinot dasturlari amalga oshirilishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi lozim. Shu sababdan Yevropa manfaatlaridan kelib chiqqan holda raketa va sun'iy yo‘ldoshlar uchirilishi uchun zarur miqdordagi yonilg‘i komponentlari yetkazib berilishiga istisno tariqasida ruxsat berildi.

Xususan, rejalashtirilgan shu kabi parvozlar sonidan kelib chiqqan holda gidrazin hajmi hisob-kitob qilinib, uning miqdori har bir uchish uchun 800 kilogrammdan oshmasligi belgilandi.
Gidrazin va uning hosilalari Rossiya va chet el tijoriy sun'iy yo‘ldoshlarini orbitaga olib chiqadigan og‘ir «Proton» raketa tashuvchisida yonilg‘i sifatida qo‘llaniladi. Jumladan, 2015 yilda «Proton-M» Buyuk Britaniyaning Inmarsat aloqa operatoriga tegishli ikkita sun'iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqdi.

2015 yilning bahorida Pentagon va AQSh razvedka xizmatlari vakillari senatga Rossiya raketa dvigatellaridan foydalanishga ruxsat berishni mo‘rab murojaat qilgan edi. Amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, RD-180 sotib olishga qo‘yilgan cheklov kosmik parvozlarni amalga oshirishda qiyinchiliklarni vujudga keltirdi.

Top