16:55 / 10.10.2015
4543

"Formula-1" bo‘yicha Sochidagi Gran-Prida ispaniyalik poygachi Karlos Sayns-kichkina avariyaga uchradi

Toro Rosso jamoasi piloti Karlos Sayns-kichkina Rossiyaning Sochi shahrida "Formula-1" 15-bosqichi doirasidagi Gran-Prida mashg‘ulot sessiyasi vaqtida bolidi bilan avariyaga uchradi.

Reyter nashri ma'lum qilishicha, ispaniyalik pilot 300 km tezlikda harakatlanish chog‘ida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lka chetidagi to‘siqqa borib urilgan.

Ma'lum qilinishicha, uning bolidi elektronik bolid edi.

Bu voqeadan so‘ng, trassada darhol qizil bayroq ko‘tarilgan va sessiya to‘xtatilgan.

21 yoshli sportchi shifoxonaga olib ketilgan va tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilish arafasida. Agentlik xabariga ko‘ra, uning Rossiyadagi Gran-Prida ishtirok eta olmasligi ma'lum bo‘lib ulgurgan.

"Sayns hushiga keldi. U endi tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng batafsil ma'lumot beramiz", deb ma'lum qilgan Avtosport bo‘yicha xalqaro federatsiya matbuot xizmati.

Ma'lumot uchun, Sochida ikkinchi marta "Formula-1" Gran-Prisi o‘tkazilmoqda. O‘tgan yili Sochidagi musobaqalarda britaniyalik Lyuis Xemilton g‘olib chiqqandi.

10 oktabr kuni saralash bosqichi o‘tkazilishi belgilangan. Asosiy poygalar 11 oktabr kuni boshlanadi.

Top