18:20 / 10.10.2015
7296

Olma-Ota shahri hokimini videoga olish mumkin emasligi haqidagi xabar Kaznetni “portlatdi”

Qozog‘istonlik huquq faollaridan biri Dilnar Insenova Olma-Ota shahri hokimi Baurjan Baybekni ko‘chada uchratib qolib, u bilan “Oqkent” turar-joy kompleksidagi muammolar to‘g‘risida suhbatlashmoqchi bo‘ldi. U o‘z suhbatini video tasvirga olishga harakat qilgan vaqtda Baybek bilan birga bo‘lgan hokimiyat vakillari bunga to‘sqinlik qiladi. Natijada suhbatning faqatgina 30 soniyasi tasvirga olinadi.

Bu haqdagi xabar Qozog‘iston internet foydalanuvchilari, xususan, blogerlar o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Jumladan, qozog‘istonlik bloger Marat Tolibayev o‘zining Facebook`dagi sahifasida “Qanday ahmoqlik va konservatizm! Hokimning ko‘chada fuqaro bilan ijtimoiy muammolar haqidagi suhbatini suratga olish mumkin emas. Umid qilamanki, bu Baybekning pozitsiyasi emas, shunchaki, serg‘ayrat ijrochining mustaqil ish tutishi. Va yana umid qilamanki, ushbu hodisadan so‘ng hokim ijrochi uning va butun davlat xizmatchilarining imidjiga qanday zarar keltirganiga oydinlik kiritadi”.

Shuningdek, ushbu hodisaga ko‘plab deputatlar, jamoatchilar, huquqshunoslar ham o‘z munosabatini bildirib, turli fikr-mulohazalarni ilgari surishdi.

Top