10:02 / 10.10.2015
10517

O‘zbekiston Tojikistonga poyezddan tushib qolgan askarini topshirdi

2015 yil 4 oktabr kuni 22:20da Surxondaryo viloyati Denov IIB xodimlari Denov shahri stansiyasi yaqinidagi temir yo‘l ko‘tarmasi oldida “Konibodom-Dushanbe” yo‘nalishi bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi hududidan tranzit qatnovini amalga oshirayotgan poyezddan tushib ketishi oqibatida turli darajadagi tan jarohatlarini olgan 1995 yilda tug‘ilgan Tojikiston Respublikasi harbiy xizmatchisi, muddatli xizmat askari F.Rahmatzoda yotganini aniqlashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, harbiy xizmatchi salomatligi og‘ir holatdaligi sababli Denov shahar markaziy shifoxonasiga yotqizilib, tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.
“Ikki kun davomida F.Rahmatzoda jonlantirish bo‘limida malakali mutaxassislar nazorati ostida xushsiz holatda yotib, unga har tomonlama beminnat tibbiy yordam ko‘rsatildi”, - deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, tojikistonlik harbiy xizmatchi O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan to‘liq muddat davomida Tojikiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchisi podpolkovnik A.Islomov u bilan birga bo‘ldi.
“2015 yil 7 oktabr kuni F.Rahmatzodaning salomatligi va transportda olib ketilish holati yaxshilanganidan so‘ng Tojikiston Respublikasi harbiy xizmatchisi tojik hamkasblarga topshirildi”, - deya xabarga yakun yasadi o‘zbek chegara xizmati matbuot xizmati.

Top