14:46 / 10.10.2015
4633

Xalqaro ekspertlar yaqinda ish boshlagan Yuridik klinika faoliyati bilan tanishishdi

Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi vakillari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida tashkil etilgan Yuridik klinika faoliyati bilan tanishdilar.

Tashrif davomida XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari byurosi bosh mutaxassisi Sergeyus Glovatskas, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining Yuridik departamenti mutaxassisi Makbule Saxan, Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi ijtimoiy-mehnat munosabatlari va ijtimoiy sheriklik departamenti rahbari o‘rinbosari Yelena Kosakovskaya Yuridik klinika tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan bepul yuridik xizmat turlari bilan yaqindan tanishtirildi.

Xususan, ular e'tiboriga fuqarolarga nafaqat huquqiy-konsultativ xizmat ko‘rsatish, balki, fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda hal etish, aholining, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi.

Tadbirda kasaba uyushmalari Federatsiyasi Yuridik klinikasi huquqiy himoya sohasining yangicha ko‘rinishi hisoblanib, o‘zida huquqiy himoya va xuquqiy ta'lim amaliyotini mujassamlashtirgani ta'kidlandi.

Xalqaro ekspertlar Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Yuridik klinikasi tomonidan fuqarolarga ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qo‘llash va amalga oshirishda amaliy hamda bepul yuridik (konsultativ) xizmat ko‘rsatish, keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-mehnat sohasiga oid xalqaro va milliy standartlarni targ‘ib etish, ko‘ngilli volontyorlarning xalqaro va milliy standartlarga oid bilimlarini oshirish, huquqni qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan faoliyatni yuqori baholadilar.

Shuningdek, mehmonlar Yuridik klinika faoliyatiga jalb etilgan 30 nafar yosh volonterlar – yuridik sohada tahsil olayotgan bo‘lajak huquqshunoslar bilan ham suhbatlashdilar.

Tashrif davomida Xalqaro ekspertlar e'tiboriga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti mutaxassilari hamkorligida “Kasaba uyushma kutubxonasi” majmuida chop etilgan “Qonunchilikdagi yangiliklar” to‘plami ham havola etildi. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining matbuot xizmati xabar qiladi.

Top