19:52 / 11.10.2015
15304

Psixologning eng qisqa konsultatsiyasi: mutaxassis o‘z ishining ustasi bo‘lsa!

 

“Har kim o‘ziga psixolog”, degan fikr mavjud. Bunda biroz jon bo‘lishiga qaramay, men bu gapga butunlay qo‘shilmagan bo‘lardim. Psixologiya – shunchalar nozik ilmki, har doim ham insonning qalb tubiga yetib borib yoki uni to‘la anglab bo‘lmaydi. Hammaga ayonki, bizning ko‘pchilik muammolarimiz bolalikda bo‘lib o‘tgan voqealar bilan o‘zaro bog‘liq. Ulardan yoshimiz katta bo‘lganda qutilish oson ish emas. Bunda faqat yaxshi maslahat yordamga kelishi mumkin. Bu esa “hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb dalda beruvchi yaqinimiz yoki do‘stimiz emas, balki o‘z ishining ustasi bo‘lgan psixolog bo‘lishi mumkin.

Quyidagi ota va o‘g‘il to‘g‘risidagi hikoya bir psixolog ayol tomonidan so‘zlanadi. Ota o‘z o‘g‘lidan shunchalar norozi bo‘lganki, ayolining undashlari tufayli psixologik konsultatsiyaga keladi. U muammo nimada ekanligini anglab yetganda gangib qoldi. Axir ko‘pchilik ota-onalar xuddi shu yo‘lni tutishadi. Hikoyani o‘qib, bola tarbiyasida yo‘l qo‘yiladigan xato haqida va kichkintoylarga faqatgina bir narsa yetishmasligini bilib olasiz…

 

 

Ikki kishi bo‘lib kelishdi. Er-xotin. Ular qabulimda birinchi marta. Charchaganman (5-ko‘rik), ochman va shuning uchun ham, menimcha, juda bosiq va tinchman.

— Psixolog ko‘rigiga birinchi marta kelishim! – dedi asabiylashib kishi. Ochiqchasiga fikrini aytib: “Bu nimasi”.

— Bu yerga kelishga xotinim rozi qildi!

— Xo‘sh-xo‘sh?

— Nima xo‘sh?! Bizning o‘g‘limiz aqli zaif! – qizishib ketdi u.

— Aqli zaiflik – bu psixiatrik diagnoz, — charchoq ohangida gapirdim. – O‘g‘lingiz shu ma'nodagi aqli zaifmi?

Endi bu kishi menga xuddi aqli zaifga qaraganday nigoh tashladi. Keyin ayoliga qarab, sekin ovozda dedi: “Sen o‘zi meni kimning oldiga olib kelding?!” Ayol yelka qisdi, stulning bir chetida tushib ketaman deb o‘tiribdi, ko‘zlarini eridan olib qochdi. Qo‘llari tizzalari orasida. Kishining yuzlari burishib yana menga qaradi, jimlik… Saldan so‘ng u chiday olmay, yana jahl qila ketdi.

— Endi siz menga psixolog sifatida ayting-chi? Xm. Men uni nima qilishim kerak, tushintiring!

— Kimni?

— O‘g‘limni!

— Unga nima bo‘lgan?

Kishi ko‘zlarini aylantirib, mening ahmoqligim va fikrlarni o‘qiy olmasligimdan hayron qoladi. Yana ayoli tomonga burilib, “sen bu ahmoqni qayerdan topding”, deganday qaraydi. Ayoli esa har doimgiday. U boshini pastdan ko‘tarolmaydi, uning rangi oqara boshladi. Men uni tushunaman. Uning bor kuchi erini mana shu yerga olib kelishga ketgan.

— U o‘zini ahmoqona tutadi, tushunyapsizmi. Mishiqi. 14 yoshda-yu, o‘zini xuddi, xuddi…

— Nima xuddi?

— Uyga kelaman. Ishdan so‘ng. Oyoq kiyim gilam o‘rtasida turadi. Men unga “Hayotda nimanidir qila olasanmi? Hech bo‘lmasa oyoq kiyimni qayerga qo‘yishni?” Men unga yuz marta aytaman, poyafzalingni yoni bilan qo‘y deb, lekin yo‘q, bu ahmoq hech nimani tushinmaydi. Hamma narsaga yengil qaraydi. Mana yaqinda telefonni sindirdi. Asramaydi. Men bilan hech nimani bo‘lishmaydi. Onasiga surbetlik qiladi. Uyda hech nima qilmaydi. Gaplaringni bir tiyinga olmaydi. Uyat, vijdon degan narsalardan asar ham yo‘q. Men endi nima qilay?! U bilan qanday til topishay. Siz psixologsizku, maslahat bering! Retsepti bormi buni?

— Bor, — javob qaytardim, psixologik konsultatsiyaning barcha qonun-qoidalarini buzib.

— Demak, yechimi bor ekanda a?

— Bor, — deyman yana.

Bilasizmi, psixologik konsultatsiyaning o‘ziga yarasha algoritmi mavjud. Birinchi uchrashuv – bu axborot yig‘ish, masalani aniqlash, aloqani mustahkamlash bo‘lishi kerakligiga bizni o‘rgatishgan. Birinchi suhbatda hech qanday davolash to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bilmadim, nega bor deb yubordim o‘zi…

—O‘g‘lingiz bilan qanday gaplashishni bilmayapsiz va u bilan til topisha olmayapsiz. Sizni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam?!

— Ha, shunday, aytdim-ku!

— Yechimi bor, u juda oson. Lekin, bilmadim, siz buni eplay olarmikinsiz? — samimiy ikkilanish bilan gapirdim men.

— Xo‘sh, aytingchi!

— Buni qilish shart degani emas.

— Xo‘sh, nimani qilishni?

— O‘g‘lingizning ismi nima?

— Anton.

Endi chegaradan osha boshladim (hamkasblarim nima haqida gapirayotganimni tushinishadi), qog‘ozni olib, unga markerda “o‘g‘lim Anton, 14 yoshda”, deb yozdim. Uni xonaning uzoqdagi burchagiga qo‘yib, kishidan uni o‘g‘lim, deya tasavvur qilishini so‘radim.

— Uddalaysizmi? – so‘radim.

— Ha.

— Endi sekin qadam bosib varoq yoniga keling, uning ustiga turing va o‘zingizni o‘g‘lingizning o‘rniga qo‘ying. O‘g‘lingizga aylaning.

U buni ikkilanib bajaradi. Ko‘zlarini yumdi.

— Endi ayting nimani his qilyapsiz?

— Qo‘rqinchli yolg‘izlik. Yig‘lagim kelyapti.

— Nimadan?

- Ranjiganimdan. Hamma meni turtadi, niqtaydi. Yashashni istamayman. Hamma uchun bir ahmoqman.

— Kim u hamma?

— Hammada.

— Kim uchun shunaqasan.

— Dadam uchun.

— Sen undan nima istarding?

— Bir marta bo‘lsa ham meni maqtashini. Ishlaring qanday deb so‘rashini. Baqirmasligini. Men ham erkakman, mendan faxrlanishini xohlardim.

— Nafas oling va nafas chiqarayotganda varoqdan tashqariga chiqing.

Kishi jimgina stulga yaqinlashdi va o‘tirdi. Jimlik. Ayol ko‘z yoshlarini artdi.

— Men hammasini tushundim, — dedi kishi birdaniga jimlikni buzib. – Hammasini tushundim. Men o‘zimni o‘g‘limday kichkina his qildim. Dadasidan faqat ta'na-dashnom eshitarkan. Tushundim. Rahmat.

Uning va ayolining ko‘zlari yashil. Yonib turibdi. Quloqlari ham qandaydir mehribon, ta'sirchan…

Konsultatsiya ilk bor 18 daqiqa davom etdi. Umrimda birinchi marta.

 

Maqtovlar… Ba'zan bolaga oddiy “barakalla”, “aqlligim” va shunga o‘xshash so‘zlar yetishmaydi. Tezda jarohatlanuvchi bola qalbi bitta bo‘lsa ham tanqidni ko‘tara olmaydi. Agar bola mana shunday yomon sharoitda o‘sgan bo‘lsa, bunday xunuk xotiralardan u anchagacha qutila olmaydi. Bu  uning kelajagiga ham ta'sir ko‘rsatadi. Hayotingizdagi eng qadrli insonni nima bo‘lishiga qaramay, asrang, seving, qadrlang!

Manba: xabardor.uz

Top