O‘zbekistonda dabdabali to‘ylar va oilaviy tadbirlarni qisqartirish kampaniyasi davom etmoqda. Bu safar “Milliy tiklanish” partiyasi Samarqand viloyati kengashi deputati Mohira O‘tayeva bu boradagi fikrlarini aytib chiqdi.
U “Samarkandskiy vestnik” gazetasida chiqqan maqolasida to‘y tantanalariga katta xarajat qilinishi obro‘-e'tiborning ko‘rsatkichi bo‘lib qolayotganini ta'kidlab o‘tdi. Ya'ni bayram tadbirlari yoshlarning baxti va orzu-havaslari uchun emas, tanish-bilishlarga boylikni ko‘z-ko‘z qilish uchun o‘tkazilayotgandek.
Bundan tashqari, deputat to‘ylarni dabdabali o‘tkazish hech qanday diniy me'yorlarda ko‘zda tutilmaganini alohida qayd qilib o‘tdi.