18:07 / 12.10.2015
3689

Qozog‘iston JSTga a'zo bo‘lishi to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev respublikaning Jahon savdo tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga qo‘shilishi haqidagi qonunni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Bundan avvalroq esa Qozog‘iston parlamenti Senati (yuqori palata) majlisida respublikaning Jahon savdo tashkiloti (JST)ni tashkil etish to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga qo‘shilishi haqidagi protokolni ratifikatsiya qilgan edi.

Mazkur protokol 2015 yilning 27 iyulida respublika va tashkilot a'zolari tomonidan imzolanib, so‘ngra parlamentning quyi palatasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqildi.

Xabar qilinishicha, Qozog‘istonning JSTga a'zo bo‘lishi to‘g‘risidagi qaror tashkilot ratifikatsiya to‘g‘risida xabardor qilinganidan so‘ng bir oy o‘tgach, avtomat tarzda kuchga kiradi. Shundan so‘ng qo‘shni davlat JSTning 162- a'zosiga aylanadi.
Jahon savdo tashkiloti – xalqaro muassasa bo‘lib, davlatlararo savdoni liberallashtirish, unga a'zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo va siyosiy munosabatlarni muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan. Ochiq savdolarga qiziqish bildirib kelgan Qirg‘iziston va Tojikiston mazkur xalqaro tashkilotga allaqachon a'zo bo‘lgan. Shuningdek, Afg‘oniston yaqin vaqtlar ichida Jahon savdo tashkilotining teng huquqli a'zosi bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston mazkur xalqaro tashkilotga a'zo emas.

Top