00:11 / 12.10.2015
6649

Uch nafar o‘zbekistonlik bokschi Qatardagi jahon chempionati finaliga chiqishdi

11 oktabr kuni Qatarda o‘tayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatining yarim finalida o‘zbekistonlik uch nafar bokschi ringga ko‘tarildi.

56 kg. vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Murodjon Axmadaliyev hindistonlik raqibi Txapa Shiva bilan bellashdi. Bu bokschilar 5 hafta ilgari Tailandda bo‘lgan Osiyo chempionatida ham o‘zaro ro‘baro‘ kelishgan edi va unda Ahmadaliyev mag‘lub bo‘lgandi. 

 


Bokschilarning bu galgi bellashuvida ham hamyurtimiz ustunlikka erishib (3:0), jahon chempionatining hal qiluvchi final bosqichiga yo‘l oldi. U endi oltin medal uchun irlandiyalik Maykl Konlan bilan kurash olib boradi.

64 kg. vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Fazliddin G‘oibnazarov chorak finalda London Olimpiadasi bronza medali sohibi, Yevropa o‘yinlari, Yevropa va jahon chempionati sovrindori italiyalik Vinchenso Manjakapreni dog‘da qoldirib, yarim finalga yetib kelgandi.

Hamyurtimiz bu bosqichda tailandlik Masuk Vuttichay bilan final yo‘llanmasi uchun bellashdi. Bu juftlik bir-biriga begona emas. Ular Bangkokda o‘tgan jahon chempionatida uchrashgan va hamyurtimiz Osiyo chempioni (2009 va 2015) hamda Osiyo o‘yinlari (2014) g‘olibini mag‘lub etishning uddasidan chiqa olmagan.

Bu safar esa unda o‘sha mag‘lubiyat uchun revansh olish imkoni paydo bo‘ldi va bundan hamyurtimiz unumli foydalanib, raqibini mag‘lub etdi va finalga yo‘l oldi. Uning finaldagi raqibi Toledo Lopez (Kuba) – Vitaliy Dunaytsev (Rossiya) juftligi g‘olibi bo‘ladi.

75 kg. vazn toifasida vatanimiz sharafini himoya qilayotgan Bektemir Meliqo‘ziyev musobaqadagi ilk jangini gruziyalik Kvachatadze Zaalga qarshi o‘tkazib, raqibini nokautga uchratdi va bu jang turnirning birinchi kunidagi eng yaxshi jang deya e'tirof etilgandi.

Keyingi bosqichda u fransiyalik Kristian Mbilliassomoni taslim etgan bo‘lsa, chorak finalda Yevropa chempioni va WSBda mag‘lubiyatsiz ishtirok etayotgan rossiyalik Petr Xamukovni dog‘da qoldirib, final ostonasiga yetib keldi.


Finalga bir qadam qolganda u Yevropa o‘yinlari-2015 turnirida zafar quchib, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan irlandiyalik Maykl O’Rayli bilan bellashdi. Keskin va murosasiz kechgan bellashuvda Bektemir raqibidan kuchli ekanligini isbotlab (2:1), terma jamoamiz vakillari orasida uchinchi bo‘lib finalga yo‘l oldi. Uning finaldagi raqibi kubalik Arlen Lopez bo‘ladi.

Top