17:30 / 13.10.2015
3136

Independent: Britaniya 50 ming suriyalikni sovuqdan himoya qilishi kerak

Britaniya bolalar qochqinlar lagerlarida muzlab qolmasidan avval harakat qilishi lozim, deya yozmoqda The Independent nashri britaniyalik siyosatshunos Ivett Kuper so‘zlaridan iqtibos keltirar ekan.
Kuperning fikricha, Britaniya qurolli mojarolar va ular oqibatlaridan aziyat chekayotgan kishilarga ko‘mak ko‘rsatish uchun kerakli darajada choralar ko‘rmayapti. U bosh vazir Devid Kemeronni mazkur masalani iloji boricha tezroq hal etishga chaqirib, kirib kelayotgan qish Yaqin Sharqda vaqtinchalik boshpana topgan 3 million qochqin hayotiga tahdid solishi haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, 2014 yil qishida Livan va Turkiyada joylashgan lagerlarda bir qancha suriyalik qochqinlar sovuq tufayli hayotdan ko‘z yumganini eslatib o‘tdi.
O‘tgan haftada mamlakat fuqarolari parlament binosi qarshisida norozilik namoyishini o‘tkazib, 2014 yil qishida sovuqdan qurbon bo‘lgan suriyalik bolalarni xotirlashgan edi. Fuqarolar mamlakatni qish kelishiga qadar og‘ir ahvoldagi suriyaliklarning boshqa joylarga ko‘chib o‘tishlariga yordam ko‘rsatish, kelgusi besh yil ichida Britaniyaga 50 ming nafardan ortiqroq suriyalik qochqinni qabul qilishga chaqirmoqda.
Kuperning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakat yiliga 4 ming suriyalik qochqinni qabul qilib, bu boradagi eng kichik vazifaning ham uddasidan chiqa olmayapti.

Top