11:03 / 13.10.2015
5819

Sahroda yo‘qolib qolgan avstraliyalik 6 kun davomida chumoli bilan oziqlanib, tirik qoldi

Avstraliyada 6 kun oldin sahroda yo‘qolib qolgan havaskor ovchi topildi.

60 yoshli sobiq konchi Redjinald Foggertining o‘zi hikoya qilishicha, u o‘z sheriklari bilan Avstraliya g‘arbidagi Goldfild-Esperans tumani hududiga ov qilish uchun yo‘l olgan. U ov vaqtida ulkan yovvoyi tuyani ko‘rib, o‘ljani ta'qib etishga tushgan va hamrohlaridan ajralib qolgan.

Havaskor ovchi bir necha soat davomida tuyani ta'qib yurgach, behuda ishni to‘xtatib ortiga qaytayotganida adashib qolganini anglagan.

Janob Foggerti ortiga qaytmagach, keyingi kun tongidan uni qidirish ishlari boshlangan.

Uni 6 kun o‘tib, ov lageridan 15 km masofadagi sahroda topishgan.

Ma'lum bo‘lishicha, sobiq konchi bu 6 kun davomida chumoli iste'mol qilib jon saqlagan va quyosh qizdirgan mahalda ulkan daraxt ostiga bekingan.

U bu olti kun ichida suv ichmasdan yashashga majbur bo‘lgan.

Shunga o‘xshash holat Avstraliyada 2006 yilda ham kuzatilgan, o‘shanda Riki Migi ismli shaxs qit'aning shimolida yo‘qolib qolib, 10 hafta davomida qurbaqa va zuluklarni yeb jon saqlashga majbur bo‘lgandi.

Top