17:03 / 13.10.2015
3369

Sem Ellardays: Vengerning mening «Bolton»imni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi

Angliyaning «Sanderlend» futbol klubi bosh murabbiyi Sem Ellardays o‘zining «Katta Sem» kitobida «Arsenal» bosh murabbiyi Arsen Venger bilan o‘zaro munosabatlari haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

«Men «Bolton»ni boshqargan paytlarimda hammasidan ham ko‘proq «Arsenal»ni yutishni yaxshi ko‘rardim. Biz ularga haqiqiy boshog‘riq bo‘lardik va Vengerning bizni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. «Xayberi»dagi uchrashuvlardan birida durang qayd etilgach, u o‘yindan keyin menga qo‘l berib ko‘rishishni istamagandi. O‘shanda uning bo‘yinbog‘ini yechib yirtib tashlagani va uni maydonga uloqtirganiga guvoh bo‘lgandim.

Venger hamma narsani yuragiga yaqin oladigan inson edi. Unda kibr juda yuqori edi. Aniq aytamanki, u o‘yindan keyin kabinetingizga bir qultum ichgani taklif qilinadigan odam emasdi.

Qanchalik uning jig‘iga tegsam, bu menga shuncha ko‘proq yoqardi. U matbuot orqali hakamlarni xato qilganini, bizning jamoa o‘ta qo‘pol o‘ynaganiyu, o‘z jamoasini faqat futbol o‘ynagani haqida taassurot uyg‘otishga harakat qilardi. U xuddi uning shogirdlari to‘p bilan xohlagan ishini qilsayu, biz ularga qarshi hech qanday harakat qilmasligimizni istagandek ko‘rinardi.

Aslida, raqibning kamchiligini topa bilish va undan foydalanishni eplash kerak bo‘ladi. Odatda biz ularni mag‘lubiyatga uchratgan uchrashuvlarda matbuot asosan «Arsenal» ehtiyot bo‘lib o‘ynagani va hakamlar o‘ta yumshoq munosabatda bo‘lgani haqida yozardi», – deya so‘zlab bergan Ellardays.

Top