10:26 / 14.10.2015
2670

14 oktabr kuni Toshkentda onkologik kasalliklarni nazorat qilish bo‘yicha xalqaro forum ish boshlaydi

2015 yilning 14-16 oktabr kunlari poytaxtdagi Xalqaro biznes markazida Markaziy Osiyoda onkologik kasalliklarni nazorat qilish bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “UzMedInfo” markazi Axborot xizmati xabar berdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligi va ijtimoiy xizmat tashkiloti, Respublika onkologiya ilmiy markazi, Xalqaro sog‘liqni saqlash markazi (AQSh), MDH davlatlari onkologiya va rentgenoradiologiya markazlari va institutlari direktorlari Assotsiatsiyasi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan hamkorlikdagi Yevroosiyo va Xalqaro saratonga qarshi uyushma va boshqa xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Forumning 14 oktabrda bo‘ladigan yalpi majlisida sog‘liqni saqlash tashkilotlari va organlari rahbarlari, sohaga doir yetakchi xalqaro ekspertlar ma'ruza qiladi. Yalpi majlisdagi chiqishida ma'ruzachilar onkologik kasalliklarning nazorati va skriningida xalqaro muammolar xususidagi masalalarga to‘xtalishadi.

Yalpi majlisdan so‘ng forum tematik seksiyalarda davom etadi.
Birinchi seksiya ishi bolalar onkologik kasalliklari epidemiologiyasi va bolalarda noxodjikin limfomasini davolashda xalqaro muammolar va imkoniyatlar muhokama qilinuvchi bolalarda yangidan paydo bo‘lgan yomon sifatli o‘smalarga bag‘ishlanadi.
Ikkinchi seksiya ishida ayol reproduktiv tizimida paydo bo‘luvchi yomon sifatli o‘smalar – endometriy saratoni, bachadon bo‘yni va tuxumdonlar saratoni muhokama qilinadi.

Uchinchi seksiyada oshqozon-ichak yo‘llarida kuzatiluvchi yomon sifatli o‘smalar muhokamasiga imkoniyat yaratiladi. Unda kolorektal va gastrointestinal saratonning oldini olish va davolashga, shuningdek, kolorektal va gastrointestinal saraton skriningiga oid bayon ko‘p tarmoqli yondashuvda ko‘rib chiqiladi.
Forumning ikkinchi va uchinchi kunlarida onkologik kasalliklarning nazorati bo‘yicha milliy dasturlar rejalashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha masalalar muhokama qilinadi.

Top