13:10 / 14.10.2015
4809

15 yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyotining energiya sig‘imi 55 foizga kamaydi

Avval xabar qilganimizdek, Abdusamatov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2015 yilning 12-13 oktabr kunlari Milan shahrida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan Atrof muhit va suv resurslari bo‘yicha yuqori darajadagi “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” beshinchi konferensiyasida ishtirok etdi.

Konferentsiyada qayd etilishicha, so‘nggi 15 yil ichida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti energiya sig‘imi (mahsulot tayyorlash, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha texnologik jarayonda energiya iste'mol qilish qiymati) 55 foizga kamaydi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston YaIM energiya sig‘imi 2000 yildan buyon 0,98 neft ekvivalentidagi tonnadan 0,48 gacha pasaygan.
Ayni paytda mamlakatimizda sanoatning energiya samaradorligini Jahon bankining 125 million dollarlik kreditlari hisobidan oshirish dasturi amalga oshirilmoqda. Bu sohaga kiritiladigan investitsiyalar energetika tizimlari, ishlab chiqarish uskunalarini almashtirish yoki modernizatsiya qilish, isitish uchun ikkilamchi issiqlikdan foydalanish, qayta ishlanadigan energiya manbalarini qamrab oladi.

Rasmiy ma'lumotlarda keltirilishicha, O‘zbekistonda 2030 yil oxiriga qadar energiya manbalariga bo‘lgan talab 2013 yilga nisbatan 5,5 foizga o‘sadi va YaIMning yiliga 8—8,5 foizga o‘sishi sur'ati saqlanib qolgan holda 43,5 million neft ekvivalentidagi tonnani tashkil etadi.

Top