11:46 / 14.10.2015
5016

Yevro-2016 qur'asi oldidan terma jamoalar savatchalarga ajratildi

13 oktabr kuni Yevro-2016 saralashi doirasida oxirgi tur o‘yinlari o‘tkazildi va barcha guruh o‘yinlari nihoyasiga yetdi. Turnirda qatnashadigan 20ta terma jamoa nomlari ma'lum bo‘lgach, yakuniy reyting jadvali tuzib chiqildi.

Endi, mana shu reytingga ko‘ra, musobaqaning final qismiga qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Birinchi savatchadan mezbon sifatida Fransiya termasi va amaldagi Yevropa chempioni Ispaniya termasi o‘rin egallaydi. Bundan tashqari, reytingi bo‘yicha eng yaxshi to‘rtta terma ham 1-savatchadan joy oladi.

1-savatcha:

Fransiya, Ispaniya, Germaniya, Angliya, Portugaliya, Belgiya

2-savatcha:
Italiya, Rossiya, Shveytsariya, Avstriya va Xorvatiya. Bundan tashqari, agar Bosniya va Gertsegovina pley-offda g‘alaba qozonsa, shu savatga tushadi.

3-savatcha:
Chexiya, Polsha, Ruminiya va Slovakiya. Bundan tashqari, agar pley-offni yuta olsa, Ukraina va Shvetsiya termalari ham shu savatchaga tushadi

4-savatcha:
Turkiya, Islandiya, Uels, Albaniya va Shimoliy Irlandiya. Bundan tashqari, agar pley-offdan o‘ta olishsa Vengriya, Daniya, Irlandiya, Norvegiya va Sloveniya termalaridan ikkitasi shu savatchadan o‘rin egallashadi.

Pley-offda Daniya, Irlandiya, Norvegiya va Sloveniya termalari saralanmaganlar savatchasiga tushsa, Ukraina, Shvetsiya, Bosniya va Gertsegovina hamda Vengriya termalari saralanganlar savatchasidan joy oladi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan eng yaxshi terma sifatida Yevro-2016ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l oldi.

Chunki, I guruhida beshta jamoa bo‘lgani bois, qolgan barcha guruhlardagi 3-o‘rinni olgan termalardan mos ravishda so‘nggi o‘rinni olgan jamoa bilan o‘zaro o‘yinlar ochkosi minus qilindi. Bu borada eng yaxshi ko‘rsatkich (4 ochko minus) Turkiyada.

Pley-off bosqich qur'asi 18 oktabr kuni o‘tsa, yakuniy final uchun qur'a marosimi 12 dekabr sanasida bo‘lib o‘tadi.

Top