15:57 / 14.10.2015
13363

Hijriy-qamariy hisob bo‘yicha 1437 yil kirib keldi

Bir qancha musulmon mamlakatlaridagi oy kuzatuvi tadqiqiga ko‘ra, chorshanba, 14 oktabr kuni yangi 1437 hijriy yilning muharram oyi kirib keldi.
Hijriy-qamariy yil hisobi Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hijrati (yulian kalendari bo‘yicha 622 yil)dan olingan bo‘lib, oy taqvimiga asoslanadi. Umar (r.a.)ning xalifaligi davrida hijrat yili musulmonlarning yil hisobi boshlanishi deb e'lon qilindi.
Mazkur taqvimning o‘ziga xosligi shundaki, unda toq oylar 30, juft oylar esa 29 kundan iborat bo‘ladi. Faqat 12- oy bundan mustasno bo‘lib, undagi kabisa kunlari 30 kunni tashkil etadi. Shu bilan birga, vaqt hisobi qamariy davr bo‘yicha hisoblanganda bir yil 354 kundan iborat bo‘ladi.
Natijada har safar yangi yil 10 kun atrofida ilgari surilib keladi va sanalarning ko‘chib yurishi natijasida 34 hijriy qamariy yilga 33 grigorian yili to‘g‘ri keladi.
Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Turkiya va boshqa bir qancha davlatlarda qamariy hijriy taqvimdan foydalanish keng tarqalgan.

Top