07:24 / 15.10.2015
3005

Isroildagi millatlararo nizolar qurbonlari soni 39 kishini tashkil etmoqda

1 oktabr kunidan beri Isroil hududida arablar va yahudiylar o‘rtasidagi nizolar tufayli 32 nafar falastinlik hamda 7 nafar isroillik halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera xabar bergan.

Shuningdek, oktabr oyi hisobidan Isroil politsiyasi bilan to‘qnashuvlarda Falastinning 2 ming kishiga yaqin fuqarosi tan jarohatlari olgan, isroilliklardan 83 nafari jarohatlangan.

Bunday to‘qnashuvlarning aksar qismi Quddus shahri ko‘chalarida bo‘lib o‘tgan.

12 oktabr kuni Quddusda arablar isroilliklarga hujum qilishi bo‘yicha 4ta holat qayd etilgani xabar qilingandi.

Keyingi haftada Quddusda arablar va isroilliklar o‘rtasida ziddiyatlar kuchaymoqda. O‘tgan haftada arablar tomonidan amalga oshirilgan hujumlarni bartaraf etish chog‘ida 25 nafar falastinlik otib o‘ldirilgandi.

O‘tgan haftada Isroil politsiyasi falastinliklarning qadim shahar Quddusdagi Al-Aqsa masjidiga kirishini cheklab qo‘ygan. O‘tgan hafta oxirida o‘sha hududda yuzaga kelgan to‘qnashuvlar natijasida ikki nafar isroillik fuqaro falastinliklar tomonidan pichoqlab ketilgandi. Aynan mana shu sabab Eski shahar falastinliklar uchun yopib qo‘yilgandi.

10 oktabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat shaharlaridagi tartib va nazoratni kuchaytirish maqsadida zaxiradagi harbiy politsiyachilar qurollantirilishi haqida ma'lum qildi.

O‘z navbatida G‘azo sektoridagi "Hamas" radikal guruhi rahbari Ismoil Xaniya falastinliklarni o‘z harakatlarini davom ettirishga chaqirgan.

Top