00:21 / 15.10.2015
5050

Putin Qozog‘istonga MDH va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitlarida qatnashish uchun yetib keldi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ostonaga davlat tashrifi bilan yetib keldi. Yaqin kun ichida, ya'ni 15-16 oktabr kunlari Qozog‘istonda Putin va Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan muzokaralar hamda MDH va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining sammitlari bo‘lib o‘tadi. Putin bundan avval, 14 oktabrda Rossiyaning Amur viloyatida qurilayotgan “Vostochnyy” kosmodromiga tashrif buyurdi.

Rossiya prezidenti xorijiy davlatlarga oxirgi davlat tashrifini o‘tgan yilning dekabrida Turkiyaga amalga oshirgan.

Putinning Qozog‘istonga tashrifining asosiy qismi 15 oktabrga belgilangan. Bu kuni Rossiya-Qozog‘iston o‘rtasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Putin va Nazarboyevning bu uchrashuvi joriy yildagi 13-uchrashuvi bo‘ladi. Putin yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, muzokaralarda o‘tgan haftada Qozog‘istonga Ukraina prezidentining tashrifi hisobga olingan holda Ukrainadagi vaziyat muhokama qilinishi mumkinligini aytdi.

Shuningdek, ikki yetakchi diqqat-eʼtiborida mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb muammolar bo‘ladi, jumladan Putin va Nazarboyev Moskva va Ostonaning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi hamkorligi va Suriyadagi vaziyat bo‘yicha fikr almashadilar.

Ta'kidlanishicha, muzokaralar yakuniga ko‘ra uchta hujjat imzolanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ham MDH sammitida ishtirok etish uchun 15-16 oktabr kunlari Ostonaga tashrif buyuradi.

Top