16:54 / 16.10.2015
3251

Nazarboyev qochqinlar ichida terrorchilar ham bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Yevropaga yuz minglab adadda kelayotgan qochqinlar orasida kechagi terrorchilar ham yashiringan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda u MDHga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishidagi chiqishida bayonot berdi.

“Bo‘layotgan voqealar bizning tashkilotimizdan tegishli rivojlanishni, yangi sharoitlarga moslashishni talab qilmay qolmaydi. MDH ham tadrijiy rivojlanishi, yangi realiyalarga moslashishi, global tahdidlarga javob bera olishi kerak”, - dedi u.
Xususan, u xalqaro xavfsizlik masalalari, jumladan, terrorchilik va migratsion inqirozni esga oldi.

“Migratsion inqirozni hal qilishga ulkan moliyaviy imkoniyatlarni jalb qilish talab etiladi”, - ta'kidladi Nazarboyev.
Bundan tashqari, u muhojirlar ichida terrorchilar yashiringan bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi. Shuningdek, u Afg‘onistondagi vaziyat murakkablashib borayotganini va bu butun mintaqaga tahdid solayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 16 oktabr kuni Qozog‘istonning Bo‘rabay qishlog‘ida MDHga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Top