02:03 / 17.10.2015
17159

Islom Karimov: Afg‘oniston armiyasi hozircha tolibonlarga qarshilik ko‘rsatish, mamlakatda xavfsizlikni ta'minlashni to‘liq nazorat qilishga qodir emas

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015 yil 15-16 oktabr kunlari Qozog‘iston Respublikasida bo‘ldi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi. Sammitning asosiy tadbirlari 16 oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. 

Islom Karimov mintaqamizga bevosita daxldor bo‘lgan Afg‘onistondagi vaziyatga alohida to‘xtaldi.

Birodarkushlik urushi 35 yildan ortiq davom etayotgan ushbu mamlakatdagi bugungi ahvol qarama-qarshi tomonlar o‘rtasidagi nizo cho‘zilib ketayotganini ko‘rsatmoqda. Yaqinda Qunduz shahrida ro‘y bergan voqealar hukumatning parokandaligi va harakatsizligini, ayni paytda tolibonlar faol hamda uyushgan holda harakat qilganini ko‘rsatdi. Buning oqibatida tolibonlar shaharni bir necha kun egallab turdi.

O‘zbekiston rahbari Afg‘onistondagi jangari guruhlar mamlakat janubidan shimol va shimoli-sharqiga o‘tayotgani, chegara hududlaridagi vaziyat keskinlashib borayotgani ham chuqur tashvish uyg‘otayotganini alohida ta'kidladi. Tolibonlarning mamlakatning ayrim hududlarini bosib olish bo‘yicha keyingi urinishlari ushbu harakat hali ham katta harbiy kuchga ega ekanidan dalolat beradi. Afg‘oniston armiyasi hozircha tolibonlarga qarshilik ko‘rsatishga, hukumat esa mamlakatda xavfsizlikni ta'minlashni to‘liq nazorat qilishga qodir emas.

Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyatni inobatga olgan holda, ko‘plab mutaxassislar Iroqning ayanchli ahvolini takrorlamaslik uchun Afg‘onistonda AYSAF harbiylarini ko‘paytirish, ularning bu mamlakatda bo‘lishini yana bir necha yilga uzaytirish kerak, degan fikrga qo‘shilmoqda. Buning uchun jiddiy asoslar bor.

– Afg‘onistondagi vaziyat qanday kechishidan qat'i nazar, shuni to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, Afg‘oniston muammosini faqat bir yo‘l, ya'ni BMT shafeligida tinch siyosiy muzokaralar o‘tkazish va o‘zaro kurashayotgan tomonlarni murosaga keltirish orqaligina hal etish mumkin. Boshqa yo‘l yo‘q, – deb ta'kidladi davlatimiz rahbari.

Islom Karimov Qirg‘iziston Respublikasini navbatdagi muddatda MDHga raislik qilishi bilan tabrikladi va Prezident Almazbek Atambayevga ushbu mas'uliyatli vazifani bajarishda muvaffaqiyat tiladi.

Top