15:29 / 17.10.2015
5139

Yarmolenko "Shaxtyor" futbolchisi bilan libos almashgach, uni yerga tashlab yubordi

Kiyevning "Dinamo" jamoasi futbolchisi Andrey Yarmolenko "Shaxtyor" futbolchisi hamda o‘zining terma jamoadagi safdoshi Taras Stepankoni qattiq ranjitdi. U "Shaxtyor"ga qarshi uchrashuv yakunidan keyin o‘zi bilan futbolkasini almashtirgan Stepankoning libosini yerga uloqtirgan. Bu haqda UA-Futbol nashri xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, o‘yin yakunida futbolchilar an'anaviy tarzda futbolkalar almashishgan. Stepanko ham shunday taklif bilan Yarmolenkoning oldiga kelgan, kiyevliklar a'zosi undan futbolkasini olgan va biroz yurib, libosni maysa ustiga uloqtirgan.

16 oktabr kuni Kiyevda o‘tkazilgan bu uchrashuvda mehmonlar yirik hisobda (3:0) g‘alaba qozonishdi. "Shaxtyor"ga g‘alaba keltirgan gollarga Marlos Romero va Aleks Teysheyra mualliflik qilishgan. Bu 1991 yildan beri "Dinamo"ning o‘z maydonida "Shaxtyor"dan bunday yirik hisobda mag‘lub bo‘lishi edi.

"Shaxtyor" bu g‘alabadan keyin "Dinamo" bilan ochkolarini tenglashtirib olgan (28ta) va to‘plar nisbatiga ko‘ra turnir jadvalining birinchi pog‘onasiga ko‘tarilgan.

Eslatib o‘tamiz, Yarmolenko 16 oktabr kuni "Dinamo" bilan yangi 5 yillik shartnoma tuzdi.

Bundan oldinroq, ushbu futbolchiga "Arsenal" va "Barselona" jamoalaridan qiziqish bo‘layotgani xabar qilingandi.

Yozgi transferlar vaqtida "Dinamo" ushbu futbolchisini "Stok Siti" va "Borussiya D" jamoalariga sotmagandi.

Top