10:59 / 19.10.2015
26098

Paxtachidagi "Qoraqo‘ton" konidan tilla o‘g‘irlagan jinoiy guruh fosh etildi

Samarqand viloyatida tug‘ilgan Ravshan Bobonazarov yoniga odam to‘plab, 2012-2014 yillar davomida Samarqand viloyati Paxtachi tumani hududida joylashgan “Qoraqo‘ton” koniga g‘ayriqonuniy kirib, bu yerda tarkibida oltin moddasi bo‘lgan ruda toshini yashirin ravishda talon-taroj qilib kelgan.

Jinoiy guruh davlat konidan o‘g‘irlangan ruda toshlarni dastlab chekka qishloqlarda pinhon ish yuritgan qo‘lbola tegirmonda maydalashgan. So‘ngra o‘zlari yasagan yuvish uskunalari orqali tillasini ajratib olishgan. Tillalarni Toshkent shahri va Buxoro shahrida yashovchi ayrim shaxslarga noqonuniy ravishda o‘tkazib kelishgan.

Tilla o‘g‘rilari qo‘lga kiritgan boylikdan bosar-tusarini bilmay qoladi. Tuman markazidan dang‘illama xonadon sohiblariga aylangan jinoyatchilar bu bilan cheklanib qolishmaydi. Qo‘shni Navoiy shahridan ham qimmatbaho uylar va qo‘sha-qo‘sha so‘nggi rusumdagi avtomobillarni sotib oladi. Vaziyat shunchalikka borib yetgandiki, mahalliy aholi o‘rtasida “ular qaynar xumcha topib olishgan”, degan gap-so‘zlar tarqaladi. Tabiiyki, yo‘q joydan multimillionerga aylangan bu kimsalar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning e'tiboridan chetda qolmadi.

R. Bobonazarov boshchiligidagi jinoiy guruh “Qoraqo‘ton” konida ishlovchi ayrim xodimlarni ham yo‘ldan urgan. Ular jinoyatchilarning konga xufyona kirishlariga yordam bergani aniqlandi.

"Hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi. Sud hukmiga ko‘ra, R. Bobonazarov 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi, jinoiy guruhning boshqa a'zolariga ham tegishli jazo tayinlandi", deyiladi "Toshkent" telekanalidagi “Ko‘zgudagi Biz” ko‘rsatuvida.

Davlat manfaatiga yetkazilgan 2 mlrd 300 mln so‘mlik zarar “oltin vasvasasi”ga chalingan ushbu jinoiy guruh a'zolaridan undiriladigan bo‘ldi.

Top