14:58 / 19.10.2015
8481

Ronaldu "qirollar ichra qirol": "Real" tarixidagi eng yaxshi 10 nafar to‘purar

Krishtianu Ronaldu La Liganing 8-tur uchrashuvlari doirasida “Levante”ga qarshi kechgan o‘yinda (3:0) to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi va mazkur gol Ronalduga “Real” tarixidagi rasman eng yaxshi to‘purar bo‘lish imkonini taqdim etdi.

U o‘z hisobidagi gollari soni 324taga yetkazdi. Bu orqali Ronaldu “Real” afsonasi Raulni (323 ta gol) quvib o‘tdi.

Qayd etish kerakki, "Real"ning hisoblariga ko‘ra, Ronaldu 1 oktabr kuniyoq o‘zining 324 golini urib bo‘lgandi, lekin bu natija La liga tomonidan hisoblanmagan. Madridliklar 2011 yildagi o‘yinda Pepe hisobiga yozilgan golni Ronaldu gollari qatoriga qo‘shishgan.

 

10. Amaro Amansio – 155ta gol


"Koldun" laqabli Amaro Amansio 1962 yildan 1976 yilgacha "Real" jamoasida to‘p surgan. U 155ta golini "qaymoqranglilar" safida o‘tkazilgan 471ta o‘yin davomida urgan. Amansio 2 marta Ispaniya chempionatining eng yaxshi to‘purari sifatida tan olingan. Ushbu hujumchi "Qirollik klubi" safida 1966 yilda Chempionlar Kubogida g‘alaba qozongan. U "Real" bilan 9 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan. U keyinchalik jamoada murabbiy sifatida ham ishlagandi.

 

9. Emilio Butrageno – 171ta gol

Butrageno ayni vaqtda "Real"ning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi direktori hisoblanadi. "Kalxat" laqabli bu futbolchi 1982 yildan 1995 yilgacha "Real" tarkibida o‘tkazilgan 463ta o‘yinda 171 marta o‘z golini nishonlagan. U 1991 yilgi mavsumda chempionatning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan.

U jamoa bilan 6 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, 2 marta UYeFA Kubogini boshi uzra ko‘targan.

 

8. Pirri – 171ta gol

"Pirri" laqabli Xose Martines Sanches o‘zining butun faoliyatini "Real"ga bag‘ishlagan. Yarim himoyachi ampluasida harakat qilgan futbolchi 1964 yilda ilk marta madridliklar safida maydonga tushgandi. U sardor darajasigacha erishgan va jamoani 1980 yilda tark etgan. U o‘z natijasi (171ta gol) uchun 561ta o‘yinda qatnashgan.

Amansio bilan bir davrda o‘ynagan Pirri "Real" bilan 10 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan va 1965-66 yillar mavsumida Chempionlar Kubogiga ega chiqqan. U o‘z vaqtida mamlakatning eng kuchli futbolchisi sifatida tan olinar edi.

 

7. Fransisko Xento – 179ta gol

Fransisko «Pako» Xento "Real"da deyarli 20 yil futbol o‘ynagan. U 1952 yilda jamoadagi debyutini o‘tkazgan, 1970 yilga kelib faoliyatini yakunlagan. U "qaymoqranglilar" safida 599ta o‘yin o‘tkazib, 179ta gol urgan. Xento jamoa bilan 12ta chempionlik sovrinini yutgan, 1956-1966 yillar oralig‘ida 6 marta Chempionlar Kubogini qo‘lga kiritgan. U o‘z faoliyatini yakunlagach, "Real"ning farm-klubi "Kastilya"da murabbiy sifatida ishlagan.

 

6. Ugo Sanches – 208ta gol

Meksikalik hujumchi Ugo Sanches 1985 yildan 1992 yilgacha "Real" safida harakat qilgan. U jamoaga Madridning boshqa bir klubi "Atletiko" safidan kelib qo‘shilgan. U "Real" safida 282ta o‘yinda qatnashib, 208ta golga mualliflik qilgandi. U jamoa bilan 5 marta ichki chempionat g‘olibi, 2 marta Ispaniya Kubogi va 2 marta UYeFA Kubogi g‘olibi bo‘lgan.

Meksikalik goleador 5 marta Ispaniya chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lgan, 1990 yilda Xristo Stoichkov bilan birgalikda "Oltin butsa"ga ega chiqqandi.

 

5. Ferents Pushkash – 242ta gol

Afsonaviy vengriyalik hujumchi Ferents Pushkash "Real" bilan shartnoma imzolaganida 30 yshda edi. U Vengriyani 1956 yilda amalga oshirilgan inqilob tufayli tark etishga majbur bo‘lgandi. U dastlabki mavsumda maydonga tushmaydi va 1958 yildagina debyut qiladi. 1967 yilgacha Madridda qolgan futbolchi jamoa bilan 262ta o‘yinda maydonga tushib, 242ta gol urgan. U 5 marta Ispaniya chempioni, 3 marta Chempionlar kubogi sohibi bo‘lgan. Pushkash 4 marta Ispaniya chempionatidagi eng yaxshi goleador sifatida qayd etilgan. U 1959-60 yillar mavsumida Chempionlar Kubogi finalida "Ayntraxt" jamoasiga qarshi o‘yinda (7:3) pokerga erishgan.

 

4. Karlos Santilyana – 289ta gol

Asl ismi Karlos Alonso Gonsales bo‘lgan, Santilyana laqabi bilan tanilgan bu futbolchi jamoa afsonalaridan biri Fransisko Xento faoliyatini yakunlagach, uning izdoshiga aylandi. U 1971-1988 yillar davomida "Real"da harakat qilib, 645ta o‘yinda 289ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. U 9 marta Ispaniya chempioni, 2 marta Chempionlar kubogi sohibiga aylangan. U 1985 yilda ChK finalida "Videoton" darvozasiga, 1 yil o‘tib esa yana finalda "Kyoln" darvozasiga gol urib, g‘alabani ta'minlagan.

 

3. Alfredo Di Stefano – 307ta gol

Di Stefano Buenos-Ayresda tug‘ilgan, futbolchilik faoliyatini «River Pleyt»da boshlagan, keyinroq Kolumbiyadagi «Milonarios» jamoasi orqali «Real» safiga kelib qo‘shilgan.

O‘z faoliyati davomida Argentina, Kolumbiya va Ispaniya terma jamoalari safida ishtirok etgan futbolchi 1953-1964 yillar davomida "Real" uchun o‘ynagan. U Madriddagi 396 o‘yinda 307ta gol urgan. Di Stefano 8 marta Ispaniya chempionatida g‘olib bo‘lgan, 5 marta ichki chempionatda eng yaxshi to‘purar bo‘lgan, 2 marta Chempionlar kubogida g‘alaba qozongan.

U faoliyatini yakunlagach, "Real"da ishlagan, keyinroq jamoaning faxriy prezidentiga aylangan.

 

2. Raul – 323ta gol


Uzoq yillardan buyon "Real"ning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turgan Raul Gonsales Blanko endilikda ikkinchi o‘rinda.

Yosh Raul jamoadagi ilk o‘yinini 1994 yilda o‘tkazgan va 33 yoshida jamoani tark etgan. U 2010 yilda Germaniyaning "Shalke" jamoasi bilan shartnoma imzolagan, keyinroq Qatarning "Al-Sadd" jamoasida faoliyatini davom ettirgan, uning hozirgi jamoasi MLSdagi "Nyu-York Kosmos" bo‘lib turibdi.

U "Real" safida jami 741ta o‘yinda ishtirok etib, 323ta gol urgan. Raul "Real" bilan 6 marta Ispaniya chempionligini nishonlagan, 3 marta YeChL g‘olibi bo‘lgan (1998, 2000 va 2002 yy), 2 martadan ichki chempionat va yevrokuboklar to‘purari bo‘lgan.

"Ronaldu 6 yil ichida har mavsumda o‘rtacha 50ta gol urdi. Axir 1 mavsumda 20ta gol urish ham qiyin ish. Men o‘z natijalarimdan mamnunman, lekin Ronaldu mendan oldinga o‘tib oldi va u hali o‘ynashda davom etadi. Uning gollari "Real"ga g‘alabalar keltirishda davom etadi", deya o‘zini quvib o‘tgan Ronaldu haqida fikr bildirdi Raul.

 

1. Krishtianu Ronaldu – 324ta gol

Portugaliyalik hujumchi 2009 yilda "MYu"dan "Real"ga kelib qo‘shilgandi. Uni Florentina Peres 93,4 mln yevro evaziga transfer qilgan. Ronaldu shu vaqtgacha urgan 324 golini urish uchun 310ta o‘yin o‘tkazgan.

U shu vaqtgacha "Real" bilan 1 marta Ispaniya chempioni, 2 marta Ispaniya kubogi sohibi va 1 marta YeChL g‘olibiga aylandi. U 3 marta Ispaniya chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lgan.

Top