12:44 / 19.10.2015
4704

Rossiyalik deputat Kreml yaxshi qo‘riqlanmasligidan nolidi

Rossiya Dumasi deputati Dmitriy Gudkov Vladimir Putinga yo‘llagan arizasida Kremlning yaxshi qo‘riqlanmasligini ta'kidlab o‘tdi. Bu haqda RBK nashri xabar bermoqda.

Muxolifatchi deputatning fikricha, Federal qo‘riqlash xizmati prezidentning qarorgohini yetarli darajada ishonchli qo‘riqlamaydi. Unga yo‘llangan javobdan esa xizmat Kreml atrofidagi infrastrukturani nazorat qilmasligi ma'lum bo‘ldi.

Deputatning ta'kidlashicha, unga yil boshida o‘ldirilgan muxolifatchi siyosatchi Boris Nemtsovning qizi Jannaning manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Vadim Proxorov murojaat qilib, Kreml atrofidagi hududlardagi nazorat kameralarining qaydlarini olib berishni so‘ragan. Ammo yo‘llangan so‘rovga javoban bunday nazoratning olib borilmaganligi ma'lum qilingan. Eslatib o‘tamiz, Nemtsov Kreml yaqinida otib ketilgan edi.

Shu asosda Gudkov Kremlning yaxshi qo‘riqlanmayotgani haqida xulosa qilib, bu borada Putinga murojaat qilgan.

Gudkovning ta'kidlashicha, bu masala to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentning xavfsizligiga bog‘liq bo‘lgani uchun murojaat aynan prezidentning o‘ziga amalga oshirilgan.

Top