09:21 / 20.10.2015
3658

400 nafarga yaqin janubiy koreyaliklar KXDRda qarindoshlari bilan uchrashmoqda

400 nafarga yaqin keksa yoshdagi janubiy koreyaliklar 20 oktabr kuni KXDRdagi qarindoshlari bilan uchrashishga otlandi, deya xabar qildi KBS telekanali.
Ular uchun 33ta avtobus va o‘zini noxush his etganlar uchun 3 dona tez tibbiy yordam mashinasi safarbar etildi. KBS telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya delegatsiyasi tarkibiga kuzatib boruvchi shaxslar va shifokorlar bilan jami 536 kishi kirgan.
Ushbu safar ishtirokchilari uch kun davomida KXRDdagi “Olmos tog‘lari” (Kimgansan) hududida shimollik qarindoshlari bilan uchrashadi. Ryonhap agentligi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, Shimoliy Koreya tomonidan ularning tirik qolgan 140 nafar yaqinlari kelishi kutilmoqda.
Ishtirokchilar orasida Koreya Respublikasining 96 yoshli fuqarosi Kim Nam Gyu ham bo‘lib, u o‘zining 83 yoshli ukasi Kim Nam Don bilan uchrashadi.
Mazkur uchrashuvni tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvga 2015 yil avgust oyida qurolsizlantirilgan hududda sodir bo‘lgan mojaroli vaziyatni yumshatish borasida olib borilgan muzokaralar davomida erishilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda 68 ming nafardan ziyod janubiy koreyaliklarning KXDRda qarindoshlari qolib ketgan. Ularning aksariyati qarindoshlarini 1953 yili 38- parallel shimolida qolgan yaqinlarini biror marta ham ko‘rmagan. 2014 yilgi uchrashuv ishtirokchilari esa tasodifiy lotoreya o‘yini orqali tanlangan.
Shu vaqtga qadar esa ikki koreys davlati 4491 oilaning 22547 nafar a'zosi o‘rtasida uchrashuvlarini tashkil etishga muvaffaq bo‘lgan. Ular uchrashuvini tashkil etish uchun Shimoliy Koreyaning qurolsizlantirilgan hududdan uncha uzoq bo‘lmagan Kimgansan tog‘ida Janubiy Koreya yordamida maxsus mehmonxona kompleksi bunyod etilgan.

Top