20:26 / 20.10.2015
4379

Bloomberg: yirik aviakompaniyalar Rossiyaga reyslari sonini kamaytirmoqda

Dunyoning yirik aviakompaniyalari Rossiyaga reyslar sonini kamaytirmoqda. Gap xususan Germaniyaning Lufthansa, Buyuk Britaniyaning British Airways va Skandinaviyaning SAS aviakompaniyalari haqida ketmoqda, deb xabar bermoqda aviakompaniyalar rejalari bilan tanishib chiqqan Bloomberg axborot agentligi.

Parvozlarning qishki jadvaliga o‘tilishi bilan (ya'ni bir haftadan keyin) Lufthansa Rossiyaga 15 ta reysdan voz kechmoqda, bu aviakompaniyaning Rossiyaga umumiy reyslarining 25 foizga yaqinini tashkil qiladi. Xususan, kompaniyaning Avstriyadagi bo‘limi Sankt-Peterburg va Rostov-Donga parvozlardan voz kechadi va e'tiborini Moskva va Krasnodarga qaratadi. Shuningdek, kompaniyaning Shveytsariyadagi bo‘limi Tsyurixdan Sankt-Peterburgga parvozlarni to‘xtatadi. Umumiy hisobda kompaniya Rossiyaga reyslari sonini haftasiga 63 tagacha kamaytiradi.

SAS aviakompaniyasi 2016 yilning mart oyidan Kopengagen va Moskva o‘rtasidagi aviaaloqani to‘xtatmoqchi. British Airways esa London-Moskva yo‘nalishiga Boeing 747 va Boeing 777 samolyotlari o‘rniga kichikroq A321 samolyotlarini qo‘ymoqchi.

Agentlikning ta'kidlashicha, yirik aviakompaniyalar o‘rnini loukosterlar (arzon narxlardagi parvozlarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalar), xususan Ispaniyaning Vueling va Chexiyaning Czech Airlines aviakompaniyalari egallaydi.

Avvalroq Czech Airlines Rossiyaga reyslar sonini oshirayotgani ma'lum qilingandi.

Top