15:33 / 20.10.2015
22591

Dunyodagi eng yomon aeroportlar ro‘yxatida Toshkent xalqaro aeroporti to‘rtinchi o‘rinda

The Guide to Sleeping in Airports («Aeroportlarda uxlash bo‘yicha yo‘riqnoma») manbasi turli aeroportlarda bo‘lgan yo‘lovchilar fikrlari asosida 2015 yilda dunyoning eng yomon aeroportlari ro‘yxatini tuzib chiqdi. Toshkent xalqaro aeroporti mazkur reytingda to‘rtinchi bo‘lib tilga olindi.

Manbada keltirilishicha, Markaziy Osiyodagi asosiy aeroport sifatida Toshkent xalqaro aeroportida parvozlar, navbatlar va to‘palonlar sohasida bir qator modernizatsiya ishlari olib borilganiga qaramasdan, aeroport faoliyatida pala-partishliklar uchramoqda. “Albatta, navbatlar xavfsizlik uchun – kutishga to‘g‘ri keladi. Toshkent xalqaro aeroporti benazir navbatlar tashkil etish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan fahrlansa arziydi”, deyiladi xabarda.

Biroq vaziyatning yomonlashuvi mazkur navbatlar ko‘pincha tartibsizlik va tajovuzkorlik ko‘rinishini oladi, ularni nazorat qilish bo‘yicha biror chora ko‘rilmaydi. Sayohatchilar navbatdagi o‘z joylarini tajovuzkor yo‘lovchilardan qat'iy himoya qilishlari lozim. Shuningdek, aeroport hududida o‘rindiqlar yetarli emasligi ham aytib o‘tilgan.

Ro‘yxatda Nigeriyaning Port Xarkort xalqaro aeroporti birinchi bo‘lib tilga olingan. Keyingi o‘rinlarni esa Jidda shahridagi (Saudiya Arabistoni) Qirol Abdulaziz hamda Nepal poytaxti Katmandudagi Tribxuvan xalqaro aeroportlari egallagan.

1. Port Xarkort (Nigeriya)

2. Qirol Abdulaziz (Saudiya Arabistoni)

3. Katmandudagi Tribxuvan (Nepal)

Reyting o‘ntaligini Simon Bolivar (Venesuela), Tussen-Luvertyur (Gaiti), Hamid Karzay (Afg‘oniston), Tan Son Nxat (Vetnam), Benazir Bxutto (Pokiston), Bove-Till (Fransiya) aeroportlari yakunlab berdi.

5. Simon Bolivar (Venesuela)

6. Tussen-Luvertyur (Gaiti)

7. Hamid Karzay (Afg‘oniston)

8. Tan Son Nxat (Vetnam)

9. Benazir Bxutto (Pokiston)

The Telegraph nashrining xabar berishicha, ushbu ro‘yxat faqatgina yo‘lovchilar fikrlariga tayanib tuzilgan bo‘lib, hech qanday ilmiy tadqiqotlarga asoslanilmagan.

Top