15:47 / 20.10.2015
4041

YeChL guruh bosqichidagi "Arsenal" va "Bavariya" uchrashuvini Uzreport TV kanalida Denis Kazanskiy sharhlaydi

Bugun Uzreport TV telekanali Yevropa Chempionlar ligasining 3-turidan o‘rin olgan "Arsenal" - "Bavariya" o‘yinini jonli efirda namoyish etadi.

Uchrashuvni qiziqarli tarzda muxlislar e'tiboriga havola qilishda sharhlovchining o‘rni katta ekanini inobatga olgan holda, Uzreport TV Rossiyaning “NTV Plyus” telekanali sharhlovchisi Denis Kazanskiyni maxsus taklif qildi.

Denis Kazanskiy – taniqli futbol sharhlovchisi, ko‘plab sportga doir ko‘rsatuvlarning muallifi va boshlovchisi hisoblanadi.

U jurnalistik faoliyatini o‘zi tug‘ilib o‘sgan Lipetsk shahrida boshlagan. "Xabarlar" dasturida sport bo‘limi boshlovchisi bo‘lib ishlagan.

2005 yil "NTV Plyus" telekompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan "Imkon" deb nomlangan butun Rossiya sharhlovchilar ko‘rik tanlovida ishtirok etib, g‘olib chiqqan. O‘shandan buyon "NTV Plyus" telekanalida faoliyat yuritadi."Futbol klubi", "Erkin Zarba" deb nomlangan bir qator teleko‘rsatuvlarda boshlovchilik qilib kelmoqda.

Denis futboldan tashqari, xokkey, qilichbozlik va Formula-1 sport turlari bilan ham qiziqadi. Yoshligida xokkey maktabida ta'lim olgan bo‘lib, ushbu sport turi bilan jiddiy ravishda shug‘ullangan. Ayni paytda futbol o‘yinlaridan tashqari, xokkey uchrashuvlarini ham sharhlab boradi.

Denis Kazanskiy bugun bo‘lib o‘tadigan “Arsenal” – “Bavariya” o‘yinini Jasurbek G‘aybullayev bilan birgalikda sharhlab boradi.

Top