12:04 / 20.10.2015
2977

Jim Uebb AQSh prezidentligi uchun saylovda mustaqil nomzod sifatida harakat qilmoqchi

AQSh prezidentligi uchun demokratlar partiyasidan nomzod hisoblanadigan amerikalik sobiq senator Jim Uebb, endilikda mustaqil nomzod sifatida harakat qilmoqchi.

Uning saylovoldi shtabida e'lon qilinishicha, 20 oktabr kuni Vashington Milliy nashr klubida “Jim Uebb mustaqil nomzod sifatida prezidentlik saylovida ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda” mavzusida matbuot anjumani o‘tkaziladi.

Demokratlar partiyasi qo‘mitasi bu borada izoh bermagan.

2007 yildan 2012 yilgacha Virjiniya shtatidan senator bo‘lgan Jim Uebb AQSh prezidentligi uchun o‘z nomzodini ko‘rsatgan beshinchi demokrat hisoblanadi.

Bungacha sobiq davlat kotibi Hillari Klinton, Rod-Aylendning sobiq gubernatori Linkoln Cheffi, Merilend shtatining sobiq gubernatori Martin O`Melli hamda Vermont shtatidan bo‘lgan mustaqil senator, demokratik qarashlarga ega bo‘lgan partiyasiz Bernard Sanders o‘z nomzodlari haqida e'lon qilishgandi.

Hozirda demokrat nomzodlar orasida reyting bo‘yicha Jim Uebb eng so‘nggi o‘rinda bormoqda. Demokratlardan ko‘rsatilgan nomzodlar orasida Hillari Klinton birinchi o‘rinda, sobiq senator Berni Sanders keyingi o‘rinda bormoqda.

Respublikachilar partiyasidan esa shu vaqtgacha 9 nafar vakil prezidentlik uchun kurashish istagini bildirgan. Bular senatorlar Ted Kruz, Rend Pol, Marko Rubio, Arkanzasning sobiq gubernatori Mayk Xakabi, neyrojarroh Ben Karson, Pensilvaniyadan sobiq senator Rik Santorum, Hewlett-Packard kompaniyasining sobiq rahbari Karli Fiorina, Floridaning sobiq gubernatori Jyeb Bush, milliarder Donald Tramp hisoblanadi.

Top