12:11 / 20.10.2015
29147

O‘zbekistonda besh oyoqli sigir parvarish qilinmoqda

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanidagi xonadonlardan birida 2014 yilda besh oyoqli buzoq dunyoga kelgan edi. Sog‘lom va baquvvat ushbu buzoq ayni paytda xonadon egalari tomonidan parvarish qilinmoqda. Bu haqda yaypanlik bloger Isroiljon Tillaboyev kun.uz tahririyatiga ma'lum qildi.

Uning aytishicha, ortiqcha oyog‘ini hisobga olmasa, sigir bolasining boshqa buzoqlardan deyarli hech qanday farqli jihatlari yo‘q. Ortiqcha tuyog‘i esa yeb-ichishi, yotib-turishiga xalaqit bermaydi.

“Men buzoq egasi, qaynog‘amga ushbu g‘aroyib buzoqni ommaga ko‘rsatishga maslahat bersam-da, u kishi ko‘p ham unamadi, tinchgina boqib yuraverlik-chi, kelajakda bir gap bo‘lar taqdiri, deya tushuntirdi, - deb yozadi bloger. - Buzoqni oylar o‘tgan sari qiziqish bilan kuzatib bordim. Aslida bunday buzoqning ko‘p yashamasligini, to‘g‘risi, ko‘pchilik taxmin qiladi, yo‘q, u yoshiga nisbatan juda kuchli va sog‘lom bo‘lib o‘sdi. Ortiqcha oyog‘i esa xuddi boshqa oyoqlari kabi tuzilishga ega bo‘lib, birga rivojlanib boraverdi. Uning xarakati ham buzoqqa qiyinchilik tug‘dirmadi”.

I.Tillaboyev bir yil muqaddam Xitoyda dunyoga kelgan xuddi shunday buzoqchaning egasi uni “Noyob hayvonlar bog‘i”ga sotishini aytib o‘tganini ta'kidlab, ushbu g‘aroyib buzoqchaga qiziqish bildirganlar bo‘lsa, uni sotib olishlari mumkinligiga ishora qilib o‘tgan.

Top