12:06 / 21.10.2015
2878

Filippin shimolidagi to‘fon qurbonlari soni 47 nafarga yetdi

Filippin shimolida kuzatilgan to‘fon tufayli olamdan o‘tganlar soni 47 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda Frans Press.
Avvalroq esa 22 kishining halok bo‘lgani xabar qilingan edi. Odamlar asosan to‘fon keltirib chiqargan suv toshqinlari, shuningdek, yer ko‘chkilari va daraxtlar qulashi natijasida nobud bo‘lishdi.

Bir qancha fuqarolar hamon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
O‘z navbatida, Assoshieyted Press agentligi ayni paytda to‘fondan 500 ming kishi jabr ko‘rgani haqida xabar qildi. Filippin hukumatining dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, to‘fonning qishloq xo‘jaligi va infratuzilmalarga yetkazgan zarari taxminan 115 million dollarni tashkil etadi.

"Koppu" (“Kosa”) to‘foni dam olish kunlari Filippinning shimoliy qismiga urilib, suv toshqinlari va yer ko‘chkilarini keltirib chiqargan edi. O‘n minglab kishilar o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Shu munosabat bilan juma, 16 oktabr kuni mamlakatda to‘fondan ogohlantiruvchi eng yuqori– “Qizil” xavf darajasi e'lon qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, har yili iyundan dekabr oyiga qadar davom etadigan yomg‘irlar mavsumida Filippinda 20ga yaqin dovul va to‘fonlar kuzatiladi. Mamlakat tarixidagi eng kuchli shu kabi tabiiy ofat 2013 yil so‘ngida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda "Yolanda" (xalqaro nomlanishi "Xayyan") superto‘foni mamlakat markaziy qismidan o‘tib, ko‘plab shikastlanishlarni keltirib chiqargan edi.

Halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan filippinliklar soni 8 ming nafardan oshgan, 1,1 mln uy qisman yoki butunlay vayron bo‘lishi natijasida 4 mln kishi boshpanasiz qolgan edi.

Top