01:18 / 21.10.2015
11128

Ijtimoiy tarmoqlarda “Avtotest” avtomaktabi haydovchisi yo‘lda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygani suratlari paydo bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda yaqinda o‘z faoliyatini boshlagan “Avtotest” innovatsion avtomaktabiga tegishli o‘quv mashinasi poytaxt ko‘chalardan birida yo‘l o‘rtasidagi bosish taqiqlangan ikkita taqiqlovchi chiziqni bosib o‘tayotgani aks etgan suratlar chop etildi. Va, tabiiyki, bu surat foydalanuvchilar orasida katta bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. 

Shu munosabat bilan o‘quv markazi rahbariyati o‘zining feysbukdagi sahifasida qoidabuzarlik qayd qilingan suratni chop etib, ushbu holat bo‘yicha izoh berib o‘tdi. Xabarda aytilishicha, o‘quv markazida ushbu holat yuzasidan loyiha rahbariyati va mas'ul xodimlarning shoshilinch majlisi o‘tkazilgan va qoidabuzar instruktorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan ma'muriy choralar ko‘rilgan.

Markaz ma'muriyati ushbu holatni suratga olgan haydovchilarga sergakliklari uchun minnatdorchilik bildirgan.

Jumladan, foydalanuvchilar orasida “Maqtalgan markazning instruktori shunday qoidabuzarlikni amalga oshirsa, unda o‘quvchilari qanday yuradi?” qabilidagi e'tirozlar ham bo‘ldi.

Markaz bunga javoban, markazda tahsil olgan o‘quvchilar haydovchilik kursini tugatganlaridan keyin ularga avtomobilga yopishtiriladigan maxsus nakleyka berilishi va bu nakleyka mashina haydovchisi Avtotest bitiruvchisi ekanligini anglatishini aytgan. Markazning ta'kidlashicha, shunday usul bilan yo‘l harakatining har bir ishtirokchisi markazda tahsil olgan haydovchilarning haydovchilik mahoratiga shaxsan o‘zi baho berishi mumkin.

Top