15:17 / 21.10.2015
6154

Shuhrat Qayumov “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida

Tilning egasi xalq, ammo xalqning bitta vakili loqayd bo‘lsa ham tilning sofligiga putur yetadi. Til madaniyatiga amal qilinmasa, milliy madaniyatga dog‘ tushadi. Shu sababli o‘zbek tilining hududimizda davlat tili sifatida amal qilishning huquqiy asoslari qonunan belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, o‘zbek tilining sofligini asrash, yosh avlodga uning ahamiyatini yetkazish borasida bir qancha ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shunday tadbirlardan biri 19 oktabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Til bor ekan – millat barhayot” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi muxlis.uz portali.

Tadbirga jurnalist, taniqli suxandon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Qayumov taklif etildi. Tadbirda so‘zga chiqqan bilim yurti mudir muovini Abdulvose G‘aniyev yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklab, mamlakatimizda tilga oid qonunlar ijrosini ta'minlash borasidagi yurtboshimiz rahnamoligida izchil chora-tadbirlar, amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib o‘tdi.

Taniqli suxandon Shuhrat Qayumov ona tilimizning me'yor qoidalari haqida so‘zlarkan, nutq jarayonida bu me'yor qoidalariga rioya qilish, nutqimizga ta'sir etadigan turli noto‘g‘ri so‘zlardan foydalanish milliy qadriyatlarimizga putur yetkazishini ta'kidlab o‘tdi.

Davra suhbati qizg‘in bahs-munozaralar bilan davom etdi. Tinglovchilar mavzuga doir qiziqtirgan savollariga javob olishdi, fikr-mulohazalarini bildirishdi. Tadbir so‘nggida sovg‘alar ulashildi.

Top