22:13 / 21.10.2015
4464

Yangi jonzot turini nomlash huquqi auksionga sotuvga qo‘yildi

Hasharotlarni o‘rganuvchi olim Erik Metsler eBay onlayn-auksionida u tomonidan AQShning Nyu-Meksiko shtatida 8 yil avval ochilgan yangi kapalak turini nomlash huquqini sotuvga qo‘ydi. 21 oktabrda lot narxi dastlabki 500 dollardan 12 ming dollargacha yetdi, deb xabar bermoqda The Washington Post nashri.

Michigan shtati universiteti olimi sotuvdan olingan pullarni AQShning G‘arbiy milliy bog‘larini ilmiy, ta'limiy va mediaviy qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi Western National Parks Association (WNPA) tashkilotiga bermoqchi. WNPA olimning bir nechta tadqiqotlariga homiylik qilgan va endi olim ularga shu tariqa o‘z minnatdorchiligini bildirmoqchi. “Men boy odam emasman va xayriya ishlariga ko‘p pul bera olmayman. Shuning uchun men ularga yordam berish uchun o‘z aqlimdan foydalanaman”, deb aytmoqda olim.

Lot egasi yangi turga o‘zi xohlagan istalgan nomni bera olmaydi, u Metsler bilan maslahatlashishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, olim topgan kapalaklar Givira zotiga kiritilgan, xaridor faqatgina unga bitta so‘zdan iborat tur nomini bera oladi.

Shuningdek, yangi nom Zoologik nomenklatura xalqaro kodeksiga zid kelmasligi kerak. Bu kodeksda turning nomi jonzotning o‘ziga xos jihatlarini namoyish qilishi talab qilingan. Biroq, ilm ahli yangi jonzot turlariga do‘stlar yoki mashhur odamlar nomlarining berilishiga bamaylixotir qaraydi.

Boshqa olimlar Metslerning bu qarorini noodatiy deb atab, bu usul orqali boshqa tadqiqotchilar ham o‘z ilmiy ishlariga mablag‘lar topishlari mumkin. Biroq ular tijorat va reklama dunyosining zoologik nomenklaturalashga kirishi xavfidan ogohlantirishmoqda.
“Bir faraz qilib qo‘ring: Bombus pepsii, Apis adidas... Bu dahshatli bo‘lmaydimi?”, deb murojaat qilmoqda britaniyalik biolog Deyv Gulson.

Top