14:05 / 22.10.2015
3337

Bir kunda Sloveniyaga kirib kelgan muhojirlar soni rekord darajaga yetdi

Bir kun davomida Sloveniyaga 12,6 ming nafardan ziyodroq muhojir kirib kelib, ushbu mamlakat uchun rekord darajadagi ko‘rsatkichni qayd etdi, deya xabar bermoqda Frans Press sloven politsiyasi ma'lumotiga asoslanib.

Politsiyaning ma'lum qilishicha, 17 oktabr kunidan buyon Sloveniyaga 34 ming nafardan ziyod kishi yetib keldi.

Vengriya 16 oktabr kuni mazkur davlatga kelayotgan muhojirlar oqimini to‘xtatish maqsadida Xorvatiya bilan chegaralarini yopgan edi. Bu esa Sloveniyaga yo‘l olgan muhojirlar sonining keskin ortishiga olib keldi. Yakshanba kuni Sloveniya hududiga Xorvatiyadan poyezd orqali mingga yaqin migrant yetib keldi. Yana 3 ming qochqin shanba kuni Xorvatiya chegaralaridan Sloveniyaga o‘tdi.

Mazkur vaziyat yuzasidan Sloveniya parlamenti 21 oktabr kuni chegaralar himoyasi uchun armiyani jalb etishni ko‘zda tutgan qonun loyihasini qabul qildi. Yangi qonun loyihasiga binoan, harbiy xizmatchilar politsiya xodimlari mavjud bo‘lmagan joylarda chegaralarni nazorat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Top