19:31 / 22.10.2015
3897

Yevropa tashqi siyosat xizmati bosh kotibi Alen Le Rua Rustam Azimov bilan uchrashuv o‘tkazdi

Yevropa tashqi siyosat xizmati bosh kotibi Alen Le Rua 18-20 oktabr kunlari tashrif bilan Toshkentda bo‘ldi. Janob Le Rua bilan birga, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiye bo‘yicha Maxsus vakili elchi Peter Burian ham O‘zbekistonga kelgan.

Janob Le Rua va elchi Burian O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va Moliya vaziri hisoblanmish Rustam Azimov, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri o‘rinbosari Shavkat To‘laganov bilan uchrashuvlar o‘tkazishgan. Tashrif chog‘ida ular YeI tomonidan moliyalashtirilgan Toshkent shahridagi rivojlanish loyihasida ham bo‘lishgan va mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan halqaro tashkilotlar va diplomatik missiyalar vakillari bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Muzokaralar davomida janob Le Rua suhbatdoshlari bilan turli sohalardagi, shu jumladan xavfsizlik, qishloq taraqqiyoti, ta'lim, inson huquqlari, energetika, suv resurslarini boshqarish va iqtisodiy aloqalar bo‘yicha Yevropa va O‘zbekiston hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

O‘zidan oldin tashrif buyurgan yevropalik mansabdorlar kabi, janob Le Rua Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va davlat boshqaruvi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga muttasil tayyorgarligini aytib o‘tdi.

Yevropalik diplomatlar O‘zbekiston tomoniga samimiy kutib olgani uchun minnatdorchilik bildirib, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarning yanada rivojlanishiga va hamkorlikning yangi sohalari ochilishiga amin ekanliklarini izhor etishdi.

Top