22:46 / 23.10.2015
3399

Domino’s Pizza restorani duxovkaga ega pitssamobil yaratdi

Domino’s Pizza restoranlar tarmog‘i va AQShning Roush Enterprises kompaniyasi pitssa yetkazib beruvchi Delivery ExPert yoki DXP deb nomlangan maxsus avtomobil qurishdi. Hammasi bo‘lib bunday mashinalardan 100 ta quriladi, ular yaqin uch oy ichida tarmoqning AQShning 25 ta shahridagi restoranlariga yetkaziladi.

Yangi mashina 84 ot kuchiga ega, 1,2 litrli, benzinda ishlovchi dvigatel o‘rnatilgan Chevrolet Spark xetchbeki negizida qurildi. Xetchbek bir kishilik qilib yasalgan, uning orqa qismida qizdiruvchi elementlarga ega maxsus duxovka o‘rnatilgan. Uning ichidagi harorat 60 gradus atrofida ushlab turiladi. Tashqaridan kalit bilan ochib-yopiladigan bu bo‘lmaga 80 ta pitssa qutisi joylash mumkin.

Pitstsamobil Wi-Fi chiqish nuqtasiga ega OnStar yo‘ldoshli tizimi, navigatsiya, to‘rtta dinamikka ega audiokompleks, 10 ta xavfsizlik yostig‘i, ABS va ESP, tepalikka chiqishda yordam beruvchi va g‘ildiraklardagi bosimni kuzatuvchi tizimlarga ega. Salon ichida shuningdek, ichimliklar, salfetkalar, souslar qutilari joylashtiriladigan maxsus bo‘lmalar ham bor.

Dastlab Domino’s Pizza o‘zining pitssamobilini elektrda ishlaydigan qilmoqchi bo‘lgan, biroq keyinroq pitssa yetkazib beruvchilari quvvatlash stansiyalarida to‘xtab, mashinani quvvatlab olishlari uchun yetarlicha vaqtlari bo‘lmaydi, deb qaror qilgan.

Pitstseriyaga ega bo‘lgan boshqa korxonalar ham Domino’s Pizza franshizasi bo‘yicha bunday mashinani sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Mashina ularga 20-25 ming dollarga tushadi.

2012 yilda tarmoq pitssa yetkazib beruvchi avtomobil uchun eng yaxshi dizayn tanlovini o‘tkazgan edi. Unda sloveniyalik Anej Kostrevts yutgan va aynan u salonning orqasida duxovka joylashtirishni taklif qilgan. Kostrevts bu g‘oyasi uchun 10 ming dollar bilan mukofotlangan.

Top