12:22 / 23.10.2015
4301

"Futbol qiroli" 75 yoshga to‘ldi

Bugun, 23 oktabr kuni braziliyalik afsonaviy futbolchi, Pele nomi bilan tanilgan Edson Arantis du Nasimentu 75 yoshini qarshiladi.

Uch marta jahon chempioni bo‘lishga erishgan dunyodagi yagona futbolchi hisoblanmish Pele 1940 yilning 23 oktabrida Braziliyaning Tres-Korasoyns shaharchasida (Minas-Jyerays shtati) kambag‘al oilada dunyoga kelgan.

Uning ilk murabbiyi o‘z otasi Dondino bo‘lgan. Edson 7 yoshga to‘lganida mahalliy bolalar futbol klubiga a'zo bo‘lgan. Bu jamoada uni Braziliya termasida ham ishlagan Valdemar de Brito shug‘ullantirgan. Bu murabbiy yosh iste'dodni "Santos" jamoasiga taklif qilgan va Edson 15 yoshida Braziliyaning eng yetakchi jamoasi safiga qo‘shilgan.

1956 yilning sentabrida Pele jamoa safida ilk uchrashuvini o‘tkazgan va "Korintians" jamoasiga qarshi bu o‘yinda ilk golini ham nishonlagan. 1956 yildan 1974 yilgacha "Santos" safida qolgan Pele 11 marta San-Paulu shtati chempionligini, 6 marta Braziliya kubogini va 2 martadan Libertadores kubogi hamda Qit'alararo kubogini qo‘lga kiritgan.

U ilk marta 1958 yilda Shvetsiyadagi jahon chempionatida ishtirok etgan. Bu vaqtda u 17 yoshda edi. U turnirning chorak finalida Uels darvozasiga hal qiluvchi golni urgan. Yarim finalda Fransiya terma jamoasi darvozasiga 3ta gol yo‘llagan. Finalda esa uning 2ta goli Shvetsiya terma jamoasi ustidan g‘alabani ta'minlagan. Shu tariqa u jahon chempioniga aylangan eng yosh futbolchiga aylangan.

1962 yilda ham jahon chempioni bo‘lgan Pele 1966 yildagi jahon chempionatini jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan. 1970 yilgi JChda esa u yana o‘zini ko‘rsatgan. Finalda Meksika mag‘lub etilgach, u 3 marta jahon chempioni bo‘lgan ilk futbolchiga aylandi.

U 1977 yilgacha terma jamoada faoliyat ko‘rsatdai va 92ta o‘yinda 77ta golga mualliflik qildi.

1975 yilda "Santos"ni tark etgan Pele AQShda "Nyu-York Kosmos" jamoasida o‘ynay boshlaydi va 2 mavsum o‘tkazadi.

U o‘zining butun futbolchilik faoliyati davomida 1363ta o‘yinda maydonga tushib, 1289ta gol urgan, 92ta xet-trik qayd etgan.

2002 yilda u 1979 yilgi JCh vaqtida kiyib yurgan sviter auksion orqali 220 ming 850 dollarga pullangan.

Pele Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan 20 asrning eng yaxshi sportchisi sifatida tan olingan. FIFA uni asrning eng yaxshi hujumchisi sifatida e'tirof etgan. U shuningdek, turli jurnallar versiyasiga ko‘ra (World Soccer, France Football, Guerin Sportivo, Placar) asrning eng yaxshi futbolchisi deya tan olingan.

Top