10:20 / 23.10.2015
2360

Malayziyaning ko‘pchilik shtatlarida yong‘in oqibatlari tufayli yopib qo‘yilgan maktablar yana ochildi

Malayziyaning ko‘pchilik shtatlarida qo‘shni Indoneziyadagi o‘rmon yong‘inlaridan tarqalayotgan tutunlar tufayli ekologik vaziyatning yomonlashishi sababli bir hafta oldin yopib qo‘yilgan maktablar yana ochildi. Biroq, mamlakat ta'lim vazirligining ma'lum qilishicha, ba'zi shtatlarda ta'lim muassasalari hali ham ishlamayapti.  

Barcha maktablarga ochiq havoda dars o‘tishni to‘xtatish hamda o‘quvchilar tutunga qarshi maxsus niqoblar taqib yurishlarini nazorat qilish tavsiya qilindi.

Indoneziya tarixidagi o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish bo‘yicha eng yirik operatsiya o‘tkazilayotganiga qaramasdan, alanga yangi hududlarga yoyilmoqda. Operatsiyada 20 mingdan ko‘proq odam ishtirok etmoqda, bir qator davlatlardan, shu jumladan Rossiyadan keltirilgan maxsus texnikadan foydalanilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, kuchli va davomli yog‘ingarchiliksiz qutqaruvchilarning sa'y-harakatlari tegishli samara bermaydi. 

Oxirgi kunlarda Tailandning janubiy tumanlari aholisi kuchli tutunlanganlikni his qilmoqda, Malayziyaning bir qator shtatlari aeroportlari ko‘rish darajasi pasayib ketgani sababli uzilishlar bilan ishlamoqda. Misol uchun, sayyohlar orasida mashhur Langkavi arxipelagida deyarli ikki kun havo aloqasi to‘xtatib qo‘yildi, oqibatda aeroportda parvozlarni kutayotgan 3 mingdan ko‘proq odam to‘planib qolgan.

Indoneziyaning Kalimantan va Sumatra orollaridagi kuchli yong‘inlarga mahalliy fermerlar va kichik korxonalarning xatti-harakatlari asosiy sabab bo‘lmoqda. Ular shu tariqa xo‘jalik faoliyati uchun yangi hududlar ochishmoqda. Bunday qoidabuzarliklar jinoiy taqib qilinishi va katta jarima solinishiga qaramasdan, yildan-yilga davom etib kelmoqda.

Top